Mamlakatimizda barcha sohalar qatori umumta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham samarali natijalar bermoqda. Har yili o‘tkaziladigan olimpiadalar, ayniqsa, asosiy fanlar olimpiadasi, maktab o‘quvchilarining bilim va qobiliyatlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi bilimlar sinovi mamlakatning ilmli va ijodiy fikrlaydigan yosh avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayniqsa, asosiy fanlar olimpiadasi umumta’lim tizimidagi muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Ushbu olimpiada matematika, fizika, biologiya, kimyo, ona tili va adabiyot, chet tili va boshqa asosiy fanlar bo‘yicha o‘quvchilarning bilimlarini sinash uchun tashkil etiladi.
Asosiy olimpiadalar to‘rt bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich maktablar miqyosida sentyabr oyida, ikkinchi bosqich, ya’ni tuman va shahar bosqichi oktyabr oyida, uchinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida noyabr oyida, to‘rtinchi bosqich, ya’ni respublika miqyosidagi bosqich aprel-may oylarida o‘tkaziladi.
Joriy yilning 21-oktabr sanasidan boshlab Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida ham fanlar olimpiadasiga start berilgan edi. Mazkur tadbir tumandagi 40-, 55-, 76-sonli maktablarda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida o‘tkazildi.
Asosiy fanlar olimpiadasi tuman bosqichi g‘oliblari va faxrli o‘rinlar egalari 82-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda tantanali ravishda taqdirlandilar. Tadbirda Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov nutq so‘zlab, g‘olib va faol ishtirokchilarga omadlar hamda keyingi bosqichda muvaffaqiyatlar tiladi.
Aytish joizki, olimpiadada tumandagi 86 ta maktablarning 9-11-sinflarida ta’lim olayotgan 2700ga yaqin o‘quvchi ishtirok etgan edi. Ular orasidan eng bilimli o‘quvchilar asosiy fanlar olimpiadasining tuman bosqichi g‘oliblari bo‘lishdi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosida o‘tkaziladigan uchinchi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
O‘zbek tili bayrami arafasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining O‘zbekiston Respublikasi bosqichida tumandagi 40-sonli umumta’lim maktabining Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Iqboloy Yusufova faxrli 3-o‘rinni egallagan edi. Tadbir davomida Iqboloy Yusufovaga ham tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining diplomi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘tkazilgan olimpiada maktablardagi ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini aniqlashning mezoni sifatida ham xizmat qiladi. Qolaversa, bunday tadbirlar orqali o‘quvchilarda o‘z fanlariga bo‘lgan qiziqish ortib, bilim va tajribalarini yanada mustahkamlash imkoniyati yaratiladi. Endilikda g‘olib o‘quvchilar keyingi bosqichga puxta tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydilar.
Ma’lumot o‘rnida, asosiy fanlar olimpiadasining uchinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan har bir o‘quvchiga pul mukofotlari beriladi. Jumladan, 1-o‘rinni egallagan o‘quvchiga — bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari, 2-o‘rin sohibiga yoki sohibasiga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari, 3-o‘rinni egallagan ishtirokchiga esa bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida mukofot puli beriladi. To‘rtinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan har bir o‘quvchiga esa uchinchi bosqichdagidan 2 baravar ko‘p miqdorda mukofot puli beriladi. Qolaversa, Vazirlik tomonidan asosiy olimpiadaning to‘rtinchi bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi diplom beriladi.
Asosiy fanlar olimpiadasining tuman bosqichi g‘oliblariga keyingi bosqichlarda ham omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!
manba: amunews.uz