Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimiz hududidagi qator yirik infratuzilma ob’ektlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Respublika viloyatlari hududidagi infratuzilma ob’ektlari qatorida Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega A380 «G’uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘li ham foydalanishga topshirildi. Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev, Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunov, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari M.Omarov va faollar bilan yoshlar, mahalliy aholi vakillari videoaloqa orqali ishtirok etdi. Aytish joizki, Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi 465-son qaroriga asosan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida respublikamizning Qo‘ng’irot tumani hududida xalqaro ahamiyatdagi A380 “G’uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lida 240 kilometrli tsement-beton qoplamali yangi yo‘l barpo etildi. Loyihaning umumiy qiymati 383,4 million AQSh dollariga teng bo‘lib, shundan Osiyo Taraqqiyot bankining mablag’i – 274,2 million AQSh dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 104,2 million AQSh dollarini tashkil etdi va qurilish ishlari 2020—2024 yillarda amalga oshirildi. Joriy yilda 240 kilometr yo‘l qismini mukammal rekonstruktsiya qilish loyihasi yakunlanib, foydalanishga topshirilmoqda. Mazkur avtomobil yo‘lini 2 tasmali tsement-beton qoplamali yo‘lga aylantirish ishlari Turkiyaning “Po‘lat yo‘l yapi san ve Tik SA” va Ozarbayjonning “Nord Vest Konstrakshin” qo‘shma korxonasi, shuningdek, Xitoyning “China Road and Bridge Corporation” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Amalga oshirilgan loyihaning asosiy maqsadlaridan biri xalqaro va davlat miqyosidagi avtomobil yo‘llarini xalqaro standartlar va andozalar talablariga mos ravishda yuqori darajadagi sifatli holatga keltirish hisoblanadi. Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshib, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari qariyb 2,5 baravar iqtisod qilinishi, xalqaro va tranzit yuk tashishlar, shu jumladan yo‘lovchi tashishlar hajmi bir necha barobarga oshirilishi, rekonstruktsiya qilingan yo‘l qismida halokatli yo‘l-transport hodisalarining soni 2 barobarga kamaytirilishi, loyiha qismida yo‘lga sarflanadigan vaqtni 2,2 barobarga tejalishi, mintaqalar bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, shu jumladan mahalliy aholi turmush darajasini yangi infratuzilma va rekonstruktsiya qilinadigan yo‘llar hisobiga oshirilishini ta’minlash, avtomobil yo‘lining atrof-muhitga salbiy ta’sirini minimallashtirishga erishiladi. Jahon standartlariga mos, sifatli qurib bitkazilgan mazkur avtomobil yo‘li ko‘p yillar davomida xalqimizning uzog’ini yaqin, og’irini engil qilishga xizmat qiladi.
Manba: joqargikenes.uz