So‘nggi yillarda xalqimizning turmush farovonligi oshib, yillar davomida ko‘ngillariga tugib qo‘ygan orzulari ro‘yobga chiqmoqda. Ayni paytda har ikki xonadonning birida turli rusumdagi avtomobillar bor. Hatto ayrim xonadonlarda ikki-uchtadan avtomobil mavjudligini hisobga olsak, oddiy til bilan aytganda, yo‘l to‘la mashina. Bu quvonarli, albatta, shu bilan birga, avtomobil egalari uchun katta mas’uliyat ham deganidir.
Avtomobil boshqarib ko‘chaga chiqqan haydovchi bilan bir qatorda oddiy yo‘lovchi ham yo‘llarda harakatlanish madaniyati va qoidalariga puxta amal qilishi, yo‘l harakati bilan bog‘liq noxush holatlar sodir bo‘lishining oldini olishda o‘zini mas’ul deb bilishi zarur va shart. Chunki haydovchining va yo‘lovchining salgina qaltis harakati, beparvoligi tuzatib bo‘lmas og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Amudaryo tuman Ichki ishlar bo‘limi ma’muriyati yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan birgalikda aholi vakillari hamda avtotransport vositalari haydovchilari ishtirokida doimiy ravishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari va tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Ayniqsa, muntazam ravishda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etishning salbiy oqibatlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 31-oktabr sanasida Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi binosi oldida bo‘lib o‘tgan navbatdagi targ‘ibot tadbirida ham haydovchilarning muntazam ravishda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etishining salbiy oqibatlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarga yo‘llarda harakatlanish madaniyati va so‘nggi yillarda tizimda amaliyotga joriy etilgan yangiliklar hamda o‘zgarishlar bo‘yicha zarur tushunchalar berildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligining Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Timur Ibragimov, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Muxametali Xojamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi Mintaqaviy hudud boshlig‘ining o‘rinbosari Murat Daribayev, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i, leytenant Anvar Yusupovlar ishtirok etishdi.
Mas’ullar ta’kidlaganidek, ba’zi haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarab, muntazam ravishda qoidabuzarliklar sodir qilib keladi. Qo‘llanilgan jarimalar haydovchining o‘ziga moddiy zarar keltirishidan tashqari boshqa ijtimoiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Masalan, birgina tezlikni belgilangan me’yordan oshirish oqibatida haydovchi faqat jarima to‘lab qolmasdan, avtomashinani yuqori tezlikda boshqarishga o‘rganib qolishi mumkin. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, bu holat bir kuni og‘ir yo‘l-transport hodisasiga olib kelishi mumkin.
Yig‘ilishda haydovchilar bilan alohida suhbatlar o‘tkazishib, harakat xavfsizligi bilan bog‘liq muhim masalalar bo‘yicha zurur tushuncha va tavsiyalar, ma’lumotlar berdilar. Xususan, tezlikni belgilangan me’yordan oshirish, ruxsat etilmagan hududlarda belgilangan qoidalarga xilof tarzda yuqori tezlikda harakatlanish haydovchi uchun ham, yo‘lovchi uchun ham birday og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida tadbir ishtirokchilari mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Yo‘l – tasodiflarga to‘la. Xalqimiz bekorga “Yo‘l qoidasi – umr foydasi” deyishmagan. Nafaqat haydovchi, balki yo‘lovchilar ham yo‘llarda harakatlanish qoidalariga amal qilsalar, bu – eng avvalo, jamiyatimizning osoyishtaligi, insonlarning xotirjamligi, bundan ham muhimi, salomatlik va umrimiz bardavomligi kafolatidir. Shu bois, mazkur tadbirda ishtirok etgan mas’ullar haydovchilarni hamda tumanimiz fuqarolarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatiga, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga va doimiy ogohlikka chaqirdilar.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba:amunews.uz