Ichki ishlar xodimlari kuni keng nishonlandi

Туман янгиликлари


      Butun dunyoda bo‘layotgan voqealarni internet orqali ko‘rganimiz sari har tong osmonda quyosh charog‘on nur sochayotaniga, yurtimiz tinch-osoyishtaligiga tobora shukrona aytamiz. Bu osuda hayotni ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining ham hissasi katta. Adolat deb atalmish tug‘ni ko‘tarish uchun insondan nafaqat kuchli aql-idrok, balki metindek iroda ham talab etiladi. Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan asrab himoya qilish, bu insonning o‘z uyi, oilasi, qo‘rg‘onini ham himoya qilishidir. Mamlakatimizda 25-oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida keng nishonalnib, soha xodimlarining mashaqqatli mehnatlari alohida e’tirof etiladi.
      Amudaryo tumani hokimligi tomonidan Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan katta bayram dasturxoni yozilib, soha xodimlarining kasb bayrami munosib nishonlandi. Tumandagi "Diamond" ovqatlanish maskanida tashkil etilgan bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, soha vakillari hamda faxriylari ishtirok etdilar.
      Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, soha xodimlarining jamoat tartibi va osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan fidokorona xizmatlarini e’tirof etdi hamda soha fidoyilarini va faxriylarini kasb bayramlari bilan tabrikladi.
     Tuman hokimi o‘z so‘zida so‘nggi yillarda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, sohani insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish, ochiqlik va shaffoflik muhitini kuchaytirish, bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganini qayd etib o‘tdi.
     Ta’kidlanganidek, soha xodimlari o‘z vazifasini emin-erkin bajarish yo‘lida, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini saqlash, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash kabi ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ezgu ishlar olib bormoqda.
     Tadbirda so‘z olganlar Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilishni oliy saodat va yuksak g‘urur deb bilgan, o‘z oromi va halovatidan kechib el osoyishtaligini ta’minlayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladilar hamda ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli va sharafli kasblarida kuch-g‘ayrat, shijoat, sabr-matonat tiladilar.
     Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiqlar hamda ajoyib chiqishlar bilan davom etdi. Tadbirda barcha ichki ishlar organlari faxriylari hamda soha xodimlari diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
    Qayd etish joizki, bugun mamlakatimizdagi tinchlik, osoyishtalik, rivojlanish va farovonlik nafaqat dunyodagi boshqa xalqlarning havasini keltirmoqda, balki bu xalqaro ekspertlar e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda. Turli xavf-xatarlar, murakkab vaziyatlarga qaramasdan, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarayotgan osoyishtaligimiz posbonlarining xizmati tahsinga munosib. Bu esa yurt farovonligi va xalqimiz tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat ko‘rsatishning eng oliy namunasidir deb aytsak, mubolag‘a emas.
    Barcha ichki ishlar organlari xodimalarini kasb bayramlari bilan samimiy tabriklaymiz! Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda hayotini ta’minlashdagi mas’uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin!

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.