Тадбиркорлик объектларига медиа-тур ташкил этилди

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokimligining Axborot xizmati tomonidan hududdagi yangi tadbirkorlik obyektlarga media-tur tashkil etildi. Media-tur mobaynida muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z faoliyatini yanada rivojlantirayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan tanishildi.

Media-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari tumandagi kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan, ish boshlaganiga qisqa fursat bo‘lishiga qaramasdan, ichki bozorda o‘z xaridorlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari – plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Al-kafil biznes plast” MCHJ, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Ravshanbek-Yulduzxon” xususiy korxonasi, sutdan tayyorlanadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan “Kamron Gold Media” MCHJga qarashli sexlar faoliyati bilan tanishdilar.

“Al-kafil biznes plast” MCHJ direktori Allabergan Yernazarovning ta’kidlashicha, jamiyat nafaqat tuman ichki bozorini, balki qo‘shni tumanlar hamda qo‘shni viloyatlar bozorlarini ham o‘z mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Bugungi kunda jamiyatda 15 nafarga yaqin band bo‘lmagan fuqarolar ish bilan ta’minlangan. Tadbirkor o‘z faoliyatini 2019-yilda boshlagan bo‘lib, Xalq banki tomonidan ajratilgan 37 ming AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga Xitoy Xalq Respublikasidan plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi dastgohlar olib kelgan. Ayni paytda jamiyatga qarashli sexda aholi kundalik ehtiyoji uchun ishlatadigan 10 dan ortiq turdagi, har xil hajmdagi xo‘jalik plastmassa buyumlari ishlab ishlab chiqarilmoqda.

Jamiyat mahsulotlari xaridorlari soni tobora ortib, ishlab chiqarish hajmi oy sayin oshib bormoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z ishlab chiqarish mahsulotlarini Qoraqalpog‘istonning shahar va tumanlaridan tashqari Xorazm, Navoiy, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlariga ham yetkazib beradi. Shuningdek, endilikda qo‘shni davlatlarga mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar tuzilib, qator samarali ishlar qilinmoqda. Korxona o‘zining yuqori sifatli plastmassa mahsulotlari bilan Amudaryo tumanining ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Media-tur ishtirokchilari mazkur kichik sanoat zonasida joylashgan, izlanuvchan va shijoatli tadbirkor Dildora Xaytboyeva rahbarlik qilayotgan sutdan tayyorlanadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kamron Gold Media” MCHJ hamda “Ravshanbek-Yulduzxon” xususiy korxonasiga qarashli non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexida ham bo‘ldilar.

Tadbirkor Dildora Xayitboyevaning ta’kidlashicha, 2008-yilda onasi bilan birgalikda kuniga 100ta non va patir yopishdan boshlagan kichik tadbirkorlik faoliyati bugungi kunga kelib 33 nafar ishsiz yurtdoshlarimizning bandligini ta’minlagan ishlab chiqarish korxonasiga aylangan. E’tiborlisi, korxonada ishlayotganlarning aksariyati ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari”da turgan yurtdoshlarimiz bo‘lib, bugun doimiy ish bilan ta’minlanishlari natijasida oilaviy sharoitlri tobora yaxshilanmoqda.

Tadbirkorning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 213-sonli Farmoni asosida 200 ming AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli bank krediti hisobiga Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy dastgohlar, asbob-uskunalar olib kelinishi natijasida yanada rivojlanmoqda.

Bugungi kunda “Kamron Gold Media” MCHJda 10 xildan ortiq sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kuniga 600 litrdan ortiq sut qayta ishlanadi. Ishlab chiqarilgan sut mahsulotlari tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shartnoma asosida yetkazib beriladi. Korxonaning 4 ta yetkazib berish mashinalari mavjud bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar shu kunning o‘zida iste’molchilarga yetkaziladi. Mang‘it dehqon bozorida ham korxonaga qarashli yarmarkalar tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlar aholiga hamyonbop narxlarda sotilmoqda.

Tadbirkor Dildora Xayitboyevaning kelgusidagi rejalari katta. Kelgusida tumandagi har bir mahallada sut va sut mahsulotlari, non mahsulotlari hamyonbop narxlarda sotiladigan shoxobchalarni tashkil etish orqali aholi uchun yanada qulayliklar yaratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidan yangi dastgohlar olib kelib, sariyog‘ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham tadbirkorning oldinda turgan eng katta maqsadlardan biridir.

Bugun har bir tadbirkorning tashabbusi davlatimiz va hukumatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan bir davrda Dildora Xayitboyeva ham yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlardan samarali foydalanib, tumanning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.