“Insonga xizmat – oliy qadriyat” shiori ostida kouching dasturi tashkil etildi

Туман янгиликлари

2024- yil 6-noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 82-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining majlislar zalida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Insonga xizmat – oliy qadriyat” shiori ostida kouching dasturi tashkil etildi. Tadbir Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘tkazildi va unda tumani hokimining o‘rinbosari Go‘zal Soburova, markaz direktori G‘ulomjon Duysenbayev hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda tashkilotlchilar tomonidan markazning asosiy vazifalari va ijtimoiy xodimlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, fuqarolarni qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarga huquqiy yechimlar taklif qilindi.

Tadbir davomida tumanda yashovchi fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qilib, javoblar olish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular markazning asosiy yo‘nalishlari va amalga oshiradigan ishlari haqida ma’lumotlar bilan tanishdilar.

Tadbir davomida markazning mahallada ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish sho‘basi mudiri, bosh ijtimoiy xodim Bahriddin Turabayev mahallada aholiga qulay sharoit yaratish, ijtimoiy yordamni tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

Katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan oilalar bilan ishlash sho‘basi mudiri Hamidjon Narbayev esa aholining zaif qatlamlariga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan hamda kelgusida rejalashtirilgan ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Ishtirokchilar markazning ijtimoiy to‘lovlar sho‘basi bo‘yicha bosh mutaxassis Sirojiddin Jumabayevning ijtimoiy to‘lovlar tartibi, ularni to‘lash jarayoni va aholini qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqidagi taqdimotini ham qiziqib tingladilar.

Markazning bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘basi mudiri Jahongir Xolmurodov esa kouching ishtirokchilariga bolalarning ijtimoiy himoyasi, ularning huquqlarini ta’minlash va qiyinchiliklarga duch kelgan oilalar bilan ishlash jarayoni haqida ma’lumotlar berdi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash sho‘basi mudiri Murodjon Boltayev esa imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay muhit yaratish hamda ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga markazning turli faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, aholining ijtimoiy himoyasi va yordam berish mexanizmlari haqida keng turda ma’lumotlar berildi. Shuningdek, fuqarolarning kundalik hayotida duch keladigan ijtimoiy muammolarga yechim topish maqsadida ishtirokchilarga huquqiy maslahatlar ham berildi. Bu xizmatlar aholining turli guruhlari, jumladan, bolalar, keksa yoshdagi shaxslar va nogironligi bor kishilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani bilan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga markaz direktori G‘ulomjon Duysenbayev tomonidan fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy masalalarga qiziqishi uchun minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, 10 nafar fuqaroga esdalik sovg‘alari topshirildi, bu esa markazning fuqarolarga nisbatan e’tibori va ehtiromini amalda namoyon qildi.

“Insonga xizmat – oliy qadriyat” shiori ostidagi tashkil qilingan kouching aholining ijtimoiy himoyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda va bu boradagi bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

manba: amunews.uz