Tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida

Туман янгиликлари

Mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish va aholi turmush farovonligini yanada yaxshilashda yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilishning ahamiyati nihoyatda katta. Amudaryo tumanida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

“NUKUS DILISHA” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan un ishlab chiqarish zavodi loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi muhim sanoat tashabbuslaridan biri bo‘lib, uning natijasida mahalliy un mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish maqsad qilingan. Korxona uchun Prezident farmoni asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 1,5 gektar va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 40,6 gektar yer maydonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi, shundan 7,9 milliard so‘mi bank kreditidir.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 2 ming tonna unni tashkil etishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hajm mahalliy ehtiyojlarni qondirish uchun to‘liq yetarli darajada. Shuningdek, zavodda 30 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Bu esa aholi bandligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ayni paytda zavod qurilish ishlarining 80 foizi bajarilgan. G‘alla qabul qilish punktlari to‘liq qurilib, ishlab chiqarish sexini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Zarur asbob-uskunalar uchun kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, ularni olib kelish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Turkiyadan tajribali mutaxassislar jalb qilingan va 2024-yil 20-dekabr sanasigacha zavodni to‘liq ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Tumanning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan yana biri “AMUDARYOTEX” MCHJga qarashli o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish loyihasidir. Ushbu loyiha mahalliy bozorda o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabni qondirishga hissa qo‘shish bilan birga, tuman aholisi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 102 milliard so‘mni tashkil qiladi, bundan 3,5 million dollar miqdoridagi mablag‘ xorijiy investitsiya sifatida kiritilgan. Korxona to‘la quvvatda yiliga 10 ming tonna o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Korxona ishga tushsa, 85 nafar yurtdoshlarimiz doimiy ish o‘rni va barqaror daromadga ega bo‘ladilar.

Korxonaga uskunalar asosan Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida korxonaga “Agro bank” tomonidan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Loyihaning qurilishi 2020-yil mart oyida boshlangan bo‘lib, 2024 yil dekabr oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur korxona 2,5 gektar maydonda joylashgan va uning 10,3 ming kvadrat metrini yopiq inshootlar tashkil etadi. Bu yerdagi ishlab chiqarish jarayoni nafaqat ichki bozor talabini qondirish, balki eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Korxona tomonidan yiliga 12 milliard so‘m miqdorida soliq to‘lanishi hisob-kitob qilingan. Shu sababli ham loyihaning ishga tushishi natijasida tumanning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi yanada tezlashadi.

Mazkur loyihalar tuman uchun muhim iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

manba: amunews.uz