Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

2024-yil 8-noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada deputatlar, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, idora, tashkilot rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman saylov komissiyasi raisi Yalg‘osh Shomurodov ochdi va Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga 2024-yil 27-oktabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari to‘g‘risida axborot berdi.

Sessiya kun tartibida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash, 2024-yil 6-noyabrda qabul qilingan “Xo‘jametov Sobir Jabbarberganovichni Amudaryo tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining farmoyishini tasdiqlash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tuman va shahar Kengashlari qo‘shma majlisi Maslahat Kengashiga Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashidan nomzod tavsiya etish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining “Xo‘jametov Sobir Jabbarberganovichni Amudaryo tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risida”gi farmoyishi Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.

Shundan so‘ng Xo‘jametov Sobir Jabbarbeganovich Amudaryo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dasturini o‘qib eshittirdi hamda dastur deputatlar tomonidan ma’qullandi. Sessiya davomida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shu bilan Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.