Mamlakatimizda sog‘likni saqlash sohasiga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat tufayli mustaqillik yillarida tizimda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi yangi bosqichga ko‘tarilib, barcha tuman va shaharlardagi tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Sohaga xususiy sektor jalb qilinib, sog‘lom raqobat muhiti yaratildi. Shifokorlarning kasbiy faoliyatlarini to‘siqlarsiz, samarali ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, ularga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Soha rivojiga o‘zlarining halol va fidoyi mehnatlari bilan munosib hissasini qo‘shib kelayotgan shifokorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralari ko‘rilayotgani aholiga yanada namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Ma’lumki, 2006-yil 12- sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq har yili an’anaviy tarzda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanadi. Chunki shifokorlik kasbi o‘zining mashaqqati, mas’uliyati, inson hayoti va taqdirida tutgan muhim ahamiyati bilan xalqimiz uchun ham qadrlidir.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham har yili tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilib, soha fidoyilari moddiy va ma’naviy rag‘batlantiriladi.
8-noyabr kuni tuman Tibbiyot birlashmasi qoshidagi Markaziy poliklinikaning majlislar zalida amudaryolik faxriy shifokorlar, tuman tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan sog‘likni saqlash tizimi fidoyilari ishtirokida shifokorlarning kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan, halol va fidoyi tibbiyot xodimlariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
Tadbirni Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayev ochdi va olib bordi. U o‘z so‘zida tuman aholisining salomatligini saqlash, malakali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza etish borasida o‘z bilim va tajribasini, hatto butun hayotini soha rivojiga baxshida etib, fidoyilik namunalarini ko‘rsatayotgan shifokorlar nomini alohida hurmat bilan tilga olib, bir guruh shifokorlarga Tibbiyot birlashmasi ma’muriyati va kasaba uyushmasi tomonidan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
Darvoqe, muhtaram Prezidentimiz tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvlaridan birida shunday degan edilar: “Biz barcha sohalardan ham tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratdik. Chunki bosh maqsadimiz – xalq salomatligini saqlash va yanada mustahkamlash. Shuni unutmanglarki, xalq tibbiyot sohasiga qanchalik ishonsa, davlatga ham shunchalik ishonadi. Xalq ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan rozi bo‘lsa, davlatdan, bugungi yuritilayotgan siyosatdan ham rozi bo‘ladi”.
Tadbirda so‘zga chiqqan tibbiyot sohasi faxriylari va yosh, malakali shifokorlar Prezidentimizning ushbu so‘zlari o‘z faoliyatlarida dasturulamal vazifasini o‘tashini alohida qayd etishib, nafaqat aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, balki ularning ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan rozi bo‘lishlariga erishish soha xodimlarining burchi ekanligini ta’kidladilar.
Bayram tadbiri davomida tumanimizda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan tibbiy hamshira va kichik tibbiy xodimlarga tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tashakkurnomalar taqdim qilindi. Shundan so‘ng, tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Fidoyi shifokorlarni sharaflovchi kuy-qo‘shiqlar va jozibador raqslar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Ayni kunlarda Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi Markaziy kasalxona bo‘limlarida, hududlardagi oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari, xususiy tibbiyot muassasalarida tibbiyot xodimlari kuni arafasidagi bayramona tadbirlar davom etmoqda.
Biz ham xalq salomatligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan soha xodimlarini an’anaviy kasb bayramlari bilan chin dildan, samimiy muborakbod etamiz hamda sharafli va mashaqqatli, ezgu ishlarida kuch-g‘ayrat, muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz