Tibbiyot inson hayotida eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. U nafaqat kasalliklarni davolash, balki inson salomatligini saqlash, turli kasalliklarning oldini olish va ularni erta bosqichda aniqlash orqali umumiy hayot sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Inson organizmining murakkabligi sababli tibbiyot inson hayotining har bir bosqichida muhim o‘rin tutadi. Bu sohadagi ilmiy yutuqlar va texnik rivojlanishlar insoniyatga eng murakkab kasalliklarga qarshi kurashish imkonini berib kelmoqda.
Tibbiyotning ahamiyati faqatgina shaxsiy salomatlik bilan cheklanmay, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Sog‘lom jamiyat sog‘lom insonlardan iborat bo‘lib, tibbiyotning sifatli xizmatlari shu jamiyat a’zolarining mehnatga layoqatli bo‘lishi, uzoq va samarali hayot kechirishlariga yordam beradi. Shunga ko‘ra, tibbiyot sohasi davlat uchun ham strategik ahamiyat kasb etadi.
Amudaryo tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan ham aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qator yutuqlarga erishilmoqda. Tuman aholisi salkam 210 ming nafarni tashkil etib, aholining 65,9 foizi qishloqlarda, 34,1 foizi esa shaharda yashaydi. Tuman tibbiyot birlashmasi mazkur aholiga 415 o‘rinli markaziy shifoxona va 14 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Oilaviy poliklinikalari va oilaviy shifokorlik punktlariga biriktirilgan qishloqlar joylashgan 38 ming 680ta xonadonda yashovchi 209 ming 212 nafar aholiga 93 nafar umumiy amaliyot shifokori va 359 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, shundan 212 nafar patronaj xamshiralari, 93 nafar amaliyotchi xamshiralar, 54 nafar tibbiy brigada doyasi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 12 ming 669ta xonadonda yashovchi 71 ming 366 nafar shahar aholisiga esa ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada faoliyat yuritayotgan jami 102 nafar shifokorlar, shundan 34 nafar umumiy amaliyot shifokorlari va 183 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, shu jumladan 68 nafar patronaj hamshiralari fidoyilik bilan tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 2024-yilning 9 oyida tuman bo‘yicha 19 ming 403 nafar bemor davolangan. Xo‘jalik hisobidagi pullik servis xizmat ko‘rsatish reabilitatsiya bo‘limi 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2024 yil 9 oy davomida 1 ming 248 nafar bemor davolanib, salomatligini tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Tez tibbiy yordam xizmatiga o‘tgan 9 oy davomida jami 41 ming 951ta murojaat kelib tushgan. Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Jami 74 ming 206 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, 23,2 foiz bolalarda kasalliklar aniqlangan va davolash choralari ko‘rilgan. Shuningdek, 9 oy mobaynida 22 ming 77 nafar bola emlangan.
Tuman bo‘yicha nogironlikka ega shaxslar soni 6 ming 184 nafarni tashkil qilib, skrining tekshiruvlari orqali 17 ming 714 nafar bemorda turli kasalliklar aniqlangan. Shu jumladan, 545 nafar o‘smir qizlarda kasalliklar aniqlanib, ular sog‘lomlashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi demografik ko‘rsatkichlarni yaxshilash, kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish yo‘nalishida samarali ishlar olib bormoqda. Bu esa ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning yanada takomillashtirilishi, aholi salomatligini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.
Mana shunday fidoyi va jonkuyar tibbiyot xodimlari har qancha e’tibor va e’zozga loyiq. Har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan kasb bayramlarida ularga alohida hermat-ehtirom ko‘rsatilib, xizmatlari e’tirof etiladi. Joriy yilgi tibbiyot xodimlari kasb bayrami Amudaryo tumanida ham keng nishonlandi.
Sana munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda sektorlar rahbarlari, deputatlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, tibbiyot xodimlarining sharafli va mashaqqatli faoliyatida doimo omad yor bo‘lishini tiladilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tibbiyot sohasiga davlat tomonidan juda katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning asosiy maqsadi – aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifatini yaxshilash va ularni jahon standartlari darajasiga olib chiqishdan iboratdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy tibbiyot markazlari va klinikalar qurilishi tezlashdi. Xususan, joylardagi shifoxona va poliklinikalar ham eng yangi tibbiy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Bu esa aholiga o‘z hududlaridan uzoqlashmay turib, yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun kadrlar tayyorlashga ham katta e’tibor qaratmoqda. Tibbiyot universitetlari va ixtisoslashtirilgan institutlar rivojlantirilib, ularda zamonaviy o‘quv dasturlari asosida shifokorlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda o‘qish va malaka oshirish dasturlari tashkil etilgan. Bu esa mahalliy shifokorlarning ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni o‘z amaliyotida qo‘llash imkoniyatini beradi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat dasturlari doirasida O‘zbekistonda ayniqsa onalik va bolalikni muhofaza qilish, turli kasalliklarning profilaktikasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bolalarni yoshligidan skrining tekshiruvlari, emlash va profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa kelajakdagi salomatlik muammolarini barvaqt aniqlash va oldini olish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, tibbiyot har bir insonning sifatli hayot kechirishi uchun juda katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan davlat e’tibori aholi salomatligini yaxshilashga, kasalliklardan himoyalanishga va uzoq umr ko‘rishga xizmat qiladi.
Bayram munosabati bilan tashkil qilingan tadbir so‘ngida tuman tibbiyot sohasining fidoyi jonkuyarlari faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Madaniyat bo‘limi xonandalarining dilrabo kuy-qo‘shiqlari davraga fayz kiritdi.
Fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, xalq salomatligini saqlashdek sharafli ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!
manba: amunews.uz