Amudaryo tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining
M U R O J A A T I
Hurmatli fermer va dehqonlar, suvni tejang va qadrlang!
Bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalarida suvni tejash, undan maqsadli, samarali va oqilona foydalanish, isrof bo‘lishiga barham berish orqali biz kelgusi avlodlarimiz oldidagi eng oliy burchimizni ham bajargan bo‘lamiz.
Ma’lumki, joriy yilning 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida “Qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025-yil suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb e’lon qilindi.
Kelgusi yilda davlat xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20 foiz elektrni tejamkorlikka erishish mumkin.
Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish ekani ayonlashib bormoqda. Shu bois suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etilib, suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu esa “onlayn” nazorat va “aqlli suv” qurilmasidan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qilishda qo‘l keladi.
Mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish borasida yillar davomida olib borilayotgan izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Amudaryo tumanida joriy etilgan fermerlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini qoplash maqsadida, 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi joriy etilmoqda.
Paxta va g‘alla maydonlariga o‘rnatilgan suv tejovchi uskunalar uchun bir yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga har bir gektarga 25 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilganda har gektar sabzavot, kartoshka, uzum, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun gektariga 8 million so‘mdan, mevali ekinlarga 6 million so‘m va poliz ekinlariga 1,3 million so‘m subsidiya beriladi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermer xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi va shu ekin yerlari besh yil muddatga yer solig‘idan ozod qilingan va suv hisoblagich o‘rnatilganda suv solig‘idan
30 foiz imtiyoz beriladi.
Kelgusi yilda ham ushbu maqsadlar uchun subsidiya va
kreditlar ajratiladi.
Bu imkoniyatlar fermer va dehqonlarimizni yanada ruhlantiradi, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi.
Suvni har kim o‘zi va kelajak avlod uchun tejashi zarur!
Xabaringiz bor, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga sarflanadigan
91 foizi suv resurslarining beshdan bir qismi yurtimizda, qolgani esa qo‘shni davlatlar hududida shakllanadi. Bu ham bizni hushyorlikka chorlashi kerak!
Aziz mirishkorlar!
Global iqlim o‘zgarishlari, mintaqamizda yog‘ingarchilik miqdorining yildan-yilga kamayishi suv resurslariga ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, soha mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlarining ayrim hududlarida suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobarga oshishi mumkin.
Suv resurslaridan oqilona foydalanishning yana bir vositasi irrigatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, ishchi holatini saqlash, 18 ming km magistral va 94 ming km ichki kanallarni betonlashtirish orqali suv tejamkorligiga erishishdir.
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llayotganlarning soni yildan-yilga ortmoqda. Ayniqsa, yerni lazerli uskunasida tekislash, tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulida sug‘orish ommalashmoqda.
Tajribali dehqonlar yaxshi biladiki, tomchilatib sug‘orish dalaga emas, o‘simlikka suv berish degani. An’anaviy sug‘orishda o‘g‘it suvga oqib, zovurlarda qamishni ko‘paytirayotgan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orishda o‘g‘it aynan ekinlarga bir xil yetkazib berilishi hisobiga hosildorlik oshmoqda.
Siz ham ilg‘orlar va tejamkorlar safiga qo‘shiling, “Suv zar – suvchi zargar” degan maqol bejizga aytilmagan. Qishloq xo‘jaligida zargarona mahorat bilan suvdan unumli foydalaning! Tejamkorlikning zamonaviy usullarini qo‘llab, suv behuda sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang, bu borada boshqalarga namuna bo‘ling!
“Otang mirob bo‘lsa ham, arig‘ingni chuqur qazgin”, degan naqlga amal qilib, ishni kuz-qish mavsumida o‘z hududingizda quyidagi ishlarni amalga oshirishingiz zarur:
birinchidan, yerni lazerli tekislash ishlarini bajarib, suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilash, yomg‘irlash, diskret) keng foydalaning!
ikkinchidan, suv tejamkorligiga erishish maqsadida magistral va ichki kanallarni betonlashda faol ishtirok eting!
uchinchidan, eski nasoslarning o‘rniga yangi, energiya tejamkor nasoslarni o‘rnatishga shoshiling!
to‘rtinchidan, quyosh panellari o‘rnatib, elektr energiya uchun xarajatlarni kamaytirish orqali yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishing!
beshinchidan, yerdan samarali foydalanib, yuqori hosildorlikka erishing va daromadingizni oshiring!
Amudaryo tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi rayosati a’zolari.