Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida inson huquq va erkinliklarini hamda manfaatlarini himoya qilish mujassamdir. Mazkur huquqlarni amalga oshirishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Sababi, fuqarolarning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini bilishi va uni hayotda qo‘llay olishi hamda qonunlarga og‘ishmay rioya etishi davlatning rivojlanishi uchun zamin yaratadi.
Davlatimizda inson huquq va erkinliklari eng oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Unda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari bilan birgalikda siyosiy huquqlari ham belgilangan.
Siyosiy huquqlar har bir mamlakat fuqarosining muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolarning siyosiy huquqlari ta’minlanishi bu davlatning siyosiy maydonda rivojlanishiga xizmat qiladi.
Siyosiy huquqlar boshqa huquqlardan farqli o‘laroq faqatgina muayyan mamlakat fuqarolarigagina tegishli bo‘ladi. Ya’ni siyosiy huquqlardan faqatgina ushbu mamlakat fuqarolarigina foydalana olishi mumkin hisoblanadi.
Har bir fuqaro o‘zining siyosiy huquqlaridan foydalangan holda, davlat va jamiyat hayotida o‘z pozitsiyasini erkin bildira olishi mamlakatda demokratiyaning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Umuman olganda, davlat va jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqi fuqarolarga mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishida qatnashish imkonini beradi.
Davletov Dilmurat Ibraximovich, Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.