Insoniyat hayotida muhim iz qoldiruvchi, hatto taqdirini go‘zal va nurli tomonga yo‘naltirib, shaxs sifatida shakllanishida ma’naviy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaguvchi maskan – bu maktabdir. Uning bag‘rida inson oq-qorani taniydi, qalbini ilm nuri bilan ziynatlab, dunyoga intiladi, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan ona zaminga, Vataniga mehr-muhabbat ruhida voyaga yetadi. Shu bois, biz uni umrbod yaxshi ko‘ramiz, mehr-u muhabbatga to‘la bag‘rida kechgan lahzalarni sog‘inib yashaymiz, “ona maktabim”, deya ezgu xotiralarimiz ko‘shkida ardoqlaymiz. Ulug‘ bobokalonimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari aytganlariday, hayotimizda biz bilgan imoratlar ichida “eng aziz va mo‘tabari maktab” tomon intilaveramiz.
Bundan 100 yil muqaddam, O‘rta Osiyoda milliy chegaralanish o‘tkazilgan 1924-yilning 27-oktabr sanasida, Amudaryo tumanining Mang‘it shahrida hududdagi ilk ziyo maskani – hozirgi 1-sonli maktab tashkil etilib, ilmga chanqoq ilk o‘quvchilarni o‘z bag‘riga olgan edi. 1924-1925 o‘quv yilida mang‘itlik Matniyozboy ismli shaxsning uyida boshlang‘ich maktab tarzida ochilgan mazkur maktabga o‘z ta’lim-tarbiyasi bilan el-u xalqimizga namuna bo‘lsin, degan ezgu niyat bilan “Namuna” deb nom berildi.
“Namuna” maktabi haqiqatdan ham ilk o‘quv yilidanoq o‘z nomiga munosib yoshlarni tarbiyalash, ularga chuqur bilim berishga qodir ta’lim-tarbiya muassasasi sifatida namoyon bo‘ldi. Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya sohasi tarixida chuqur iz qoldirgan tarixiy shaxslar – Xo‘jayoz afandi va Sodiq Matchonovlar faoliyat yuritgan “Namuna” maktabining birinchi o‘quvchilari va birinchi qaldirg‘ochlari Jongil Ziyoddinova, Madat Matnazarov, Qurbonboy Jumaniyozov, Hayitboy Po‘latov, Rahim Jumaniyozov va Kamol Niyozovlar bo‘ldilar.
1932-yildan 1938-yilgacha 7 yillik to‘liqsiz o‘rta, 1938-1939 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maktab maqomida faoliyat olib borgan ushbu ta’lim maskani o‘zining 100 yillik tarixi davomida Amudaryo tumanidagi barcha o‘quv muassasalari uchun ham tayanch, ham tom ma’noda yuksak namunali ilm dargohi vazifasini o‘tadi.
Mazkur maktab ta’lim-tarbiyasini olgan minglab bitiruvchilar orasida dunyoga taniqli ilm-fan fidoyilari, professor va akademik olimlar, ixtirochilar, davlat va jamoat arboblari bor. Xususan, fizika-matematika fanlari doktorlari, akademik MUxtor Saidov, ixtirochi-olim Amin Saidov, toponimika ilmining bilimdoni, filolog-olim Ahmad Ishayev, mashhur tarixchi-olim Qurbonboy Sobirov, filologiya fanlari doktori Pirmat Shermuhammedov, pedagogika fanlari doktori Ahmadjon Nurmatov, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Ibodulla Ollayorovlarning nomlari O‘zbekiston ilm-fani darg‘alari orasida hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.
Joriy yilning 11-noyabr sanasida mazkur ta’lim-tarbiya muassasasining 100 yilligi keng nishonlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirining o‘rinbosari Oybek Davlatboyev, Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, Amudaryo tumani prokurori Abat Jumamuratov, shuningdek, tuman hokimining o‘rinbosarlari, 1-sonli maktabda turli yillarda ishlab, nafaqaga chiqqan faxriy ustozlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari mas’ullari, maktabning sobiq bitiruvchilari hamda ayni paytda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida mehmonlar maktabning 100 yillik tarixi haqida hikoya qiluvchi muzeyning ochilish marosimida ishtirok etdilar. Maktab direktori Dilrabo Sherbayeva rahbarligida tashkil etilgan muzeyni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochdi va tarixiy eksponatlarga boy muzeyga yuqori baho berib, Amudaryo tumani umumiy tarixining asosi sifatida e’tirof etdi. Marosim ishtirokchilari muzey eksponatlarini qiziqib tomosha qildilar va o‘zlarining samimiy dil so‘zlarini izhor etdilar.
Tantanali yubiley tadbirining adabiy-musiqiy qismini Amudaryo tuman hokimligi mutaxassisi Ashirboy Qo‘shayev ochdi va barchani tumandagi jamiki umumta’lim muassasalari uchun bir asr davomida namuna va tayanch vazifasini o‘tagan ta’lim maskanining 100 yilligi bilan tabriklab, maktab pedagogika jamoasiga bundan keyingi faoliyatlarida katta yutuqlar yor bo‘lishini tiladi.
Shundan so‘ng, mazkur maktabda uzoq yillar yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan faxriy ustozlar va o‘zlarining fidoyi mehnatlari bilan el-yurt hurmatini qozongan o‘qituvchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligining esdalik ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi. Xususan, maktabning matematika fani o‘qituvchisi Sobir Matyoqubov “Vatan fidoyisi”, qoraqalpoq tili fani o‘qituvchisi Dildora Qo‘chqorova “Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan, maktab direktori Dilrabo Sherboyeva, shuningdek, Anorgul O‘rozimbetova, Aqljon Saidovalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, uzoq yillar yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan maktabning sobiq boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shukurjon Safarova hamda sobiq biologiya fani o‘qituvchisi Saidaxon Polvonovalarga “Ardaqli nuraniy” ko‘krak nishonlari, bir guruh o‘qituvchilarga tuman hokimining tashakkurnomalari va faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.
Yubiley tadbiri davomida Amudaryo tumani madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Bo‘lib o‘tgan yubiley tadbiri Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi buyuk tarixiy voqea sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz