Xalqimiz orasida “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda” degan naql bor va bu bejizga aytilmagan. Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorlashning ahamiyati juda katta. O‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilgan shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi. Hududlarda kuzgi shudgorlash ishlarini olib borish yuzasidan tashkil etilayotgan seminarlarda bu borada mutaxassislar tomonidan mas’ullarga tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berilmoqda.
Amudaryo tumanida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev ishtirokida kuzgi shudgorlash ishlarini tashkil etish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari hamda fermerlar ishtirok etdilar.
Seminar Tosh yop ovuli hududidagi “Bekmon Allaberganov” fermer xo‘jaligi ekin maydonida tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida kuzgi shudgorlashni to‘g‘ri tashkil etishning qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olishdagi ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi hamda mavzu yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Ta’kidlanganidek, yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlash uchun traktor va pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan bo‘lishi, haydov to‘g‘ri tashkil etilishi hamda uning sifati doimo nazorat qilib borilishi lozim. Qolaversa, sifatli shudgorlangan maydonlarda sho‘r yuvish, erta bahorda tuproqni ekishga tayyorlash hamda ekish kabi agrotexnik tadbirlarni ham o‘z vaqtida o‘tkazishga erishiladi.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tumanda kuzgi shudgorlashning tashkil etilishi borasidagi ishlar xususida so‘z yuritdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tumanda 2025-yilgi ekish mavsumi oldidan joriy yilda 16 ming 27 gektar maydonda kuzgi shudgorlashni o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda jami 71 ta surim texnikalari qatnashishi ko‘zda tutilgan. Mavjud texnikalar 18 ta surim otryadlariga biriktirilgan. Kuzgi shudgorlash ishlarini 1-noyabrdan 2-dekabrgacha – 32 kunda yakunlash maqsadida shudgorlash grafiklari ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kungacha jami 1 ming 642 gektar ekin maydonlarida shudgorlash ishlari amalga oshirilgan. Mexanizatorlar kuniga 150-160 gektar dalani shudgor qilishga erishmoqdalar.
Tumanda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 71ta lazerli yer tekislagichlar mavjud bo‘lib, ular yordamida jami 1 ming 73ta konturlar yoki 8 ming 70 gektar maydonlar sifatli qilib tekislangan. 2025-yilgi ekish mavsumi oldidan 19 ming 201,4 gektar maydonlar sho‘rini yuvish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maydonlarning 782 gektari kuchli sho‘rlangan, 4 ming 840,2 gektari o‘rtacha sho‘rlangan va 13 ming 579,2 gektari kam sho‘rlangan maydonlar hisoblanadi. Sho‘r yuvish tadbirni amalga oshirish uchun 18ta sug‘orish otryadlari tashkil qilinib, ushbu otryadlarga 1 ming 501 nafar malakali xodimlar biriktirilgan.
Qayd etish joizki, seminar tashkil etilgan “Bekmon Allaberganov” fermer xo‘jaligi tumandagi eng ilg‘orlar qatorida shudgorlash ishlarini o‘z nihoyasiga yetkazayotgan xo‘jaliklardan biri hisoblanadi. Fermer xo‘jaligining jami 110 gektar ekin maydoni mavjud bo‘lib, shundan 70 gektar maydonda shudgorlash ishlari olib borildi.
Seminar ishtirokchilari fermer xo‘jaligi dalasida kuzgi shudgorlashning namunaviy usullari bilan tanishishdi, hududdagi ilg‘or fermerlarning tajribalari haqida fikr almashishdi. Shudgorlash ishlarini sovuq kunlarga qoldirmasdan yakuniga yetkazish, sho‘r yuvish ishlarini sifatli bajarish bo‘yicha tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar va tavsiyalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.