Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan. U yurtimiz sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan.
Bayrog‘imizdagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega:
Moviy rang – kuch-qudratni, tinchlik va barqarorlikni o‘zida aks ettiradi;
Oq rang – poklik, beg‘uborlikni ifodalab kelgan;
Yashil rang – yasharish va yangilanish ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz, asriy qadriyatlarimiz, iymon-e’tiqodimiz timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar tomirimizdagi ajdodlar qoni – mangulik nishonasidir.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.