Yashil maydonlar hududi kengaymoqda

Туман янгиликлари

Iqlim o‘zgarishi dunyo miqyosida jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Uning salbiy oqibatlari — havo haroratining oshishi, cho‘llanish, suv resurslarining tanqisligi va bioxilma-xillikning qisqarishi — barcha mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ham jiddiy muammoga aylanmoqda. Bu muammolarni yumshatish uchun eng samarali va tabiiy yechimlardan biri daraxtzorlarni ko‘paytirishdir.

Daraxtlar tabiatning bebaho ne’mati bo‘lib, ularning iqlim o‘zgarishini yumshatishda tutgan o‘rni beqiyosdir. Ular karbonat angidridni o‘zlashtirib, kislorod ishlab chiqaradi, bu esa havodagi issiqxona gazlari konsentratsiyasini kamaytiradi. Shaharlar va qishloqlarda daraxtzorlar yozning issiq kunlarida havo haroratini mo‘tadillashtiradi. Qolaversa, daraxtlar tuproq eroziyasining oldini oladi va suv resurslarini saqlashga yordam beradi.

Shu sababli ham yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan bir necha yillardan beri “Yashil makon” umummilliy aksiyasi o‘tkazilib, bu ishlarda jamoatchilik faol ishtirok etib kelmoqda. Mana shunday xayrli ishga hissa qo‘shish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi boshlig‘i Tursunboy Abdujabbarov va jamg‘armaning Amudaryo tumani bo‘limi rahbari Bekman Allaberganovlar bir guruh mahalla faollari bilan birgalikda tuman hokimligi binosi atrofida ajratilgan maxsus dalaga daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdilar.

Nuroniylar ta’kidlaganlaridek, daraxt ekish — ajdodlarimizdan meros bo‘lgan azaliy qadriyatlardan biridir. Xalqimizning bayram va marosimlarida, ayniqsa, bahorda va erta kuzda ko‘chat ekish ishlari an’anaga aylangan bo‘lib, buning zamirida nafaqat tabiatga hurmat, balki kelajak avlod uchun qulay muhit yaratish maqsadi ham mujassamdir.

Chindan ham, ekologik muammolarni hal etishda yashil maydonlarning ahamiyati nihoyatda katta. Har yili bahor va kuz fasllarida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida mamlakatimiz bo‘ylab millionlab daraxtlar ekilib, ekologik barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shilayotgani atrof-muhit havosining yaxshilashi va aholi salomatligining mustahkamlanishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

“Yashil makon” umummilliy harakatida ovul va mahallalar ahli ham hamjihatlikda faol ishtirok etmoqda. Daraxtlar ekish va bog‘lar barpo etish ishlariga Amudaryo tumanining Choyko‘l ovuli aholisi ham o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Fuqarolar yig‘ini ma’muriyati, “Mahalla yettiligi” a’zolari va ovul faollari Choyko‘l OFY binosi hududidagi maydonda hamjihatlik bilan mahalla bog‘ini barpo qildilar. Avvalo, ekin maydoni begona o‘tlardan tozalanib, qondirib sug‘orildi. Yer tayyor bo‘lgach, mahalla faollari ko‘chat ekish ishlariga kirishdilar. Ularga tumandagi davlat organlari va jamoat tashkilotlari xodimlari ham yordamga keldi.

Fuqarolar yig‘ini binosi atrofidagi maxsus ajratilgan maydonga mevali va manzarali daraxtlarning ko‘chatlari tartib bilan ekilib, yangi bog‘ tashkil etildi. Bu jarayonda aholi bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qildi. Nuroniy otaxon va onaxonlar, ovul faollari va yoshlar o‘zining fidokorona mehnati bilan mahalla bog‘ini yaratish ishlarida faol ishtirok etdilar.

Shunisi e’tiborliki, yangi bog‘ga hududning iqlim sharoitlariga mos ko‘chatlar tanlab ekildi. Bog‘ning barqaror rivojlanishini ta’minlash, sug‘orish va parvarishlash ishlarini muntazam tashkil qilish maqsadida tajribali bog‘bonlar biriktirildi.

“Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tumanning boshqa ovul va mahallalarida, mehnat jamoalarida ham bu kabi tadbirlar uzluksiz davom etmoqda. Bunday loyihalar nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki jamiyatda birlashuv va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi yonida bog‘ barpo qilishdek ovul aholisining ushbu xayrli tashabbusi mahalla hududini yanada obod qilishga hissa qo‘shib, kelajak avlod uchun sog‘lom va qulay yashash muhitini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Aziz yurtdoshlar! Har birimiz ushbu hayrli harakatda faol ishtirok etib, tabiatga bo‘lgan mas’uliyatimizni amalda namoyon etish orqali uyimiz atrofida, ko‘chamizda va ishxonamizda yashil maydonlarni ko‘paytirishga hissa qo‘shaylik!

Kuz fasli — daraxtlar ko‘chatlari va qalamchalarini ekish uchun eng maqbul davr hisoblanadi. Bu vaqtda tabiat sukunatga ketar ekan, daraxtlar tuproqqa yaxshi moslashadi va kelgusi yil bahorida tez o‘sishni boshlaydi. Keling, har birimiz kamida o‘n tup daraxt ko‘chatini ekaylik. Daraxtlar nafaqat tabiatning ko‘rki, balki iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali vosita ekanini unutmaylik. “Yashil makon” umummilliy harakatida faol ishtirok etib, jannatmakon diyorimizni obod va ko‘kalamzor go‘shaga aylantiraylik!

manba: amunews.uz