Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimizning ifodasidir. Davlat ramzlari qabul qilingan kun mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlanadi.
18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Kamolov so‘zga chiqib, bayrog‘imiz mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli ekanligini ta’kidladi hamda barchani bayram bilan samimiy tabrikladi.
Nodirbek Kamolov o‘z so‘zida bayrog‘imiz xalqimizning asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etishini, milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi. Tumanimizning iste’dodli xonandalari Vatan, tinchlik, mustaqillik, istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar hamda tadbirga yuqori bayramona ruh baxsh etdilar.
Qayd etish joizki, Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an’analarini mujassamlashtirgan.
Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat timsolidir.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri yuqori bayramona ruhda hamda taassurotlarga boy tarzda o‘tdi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.