Qangli – Amudaryo tumanining qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh hududida, tuman markazidan 35-40 chaqirim olis masofada joylashgan. 621ta xonadon tarkibidagi 932ta oilada 3 ming 476 nafar aholi istiqomat qiladigan Qangli qishlog‘ida so‘nggi yillarda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tufayli kambag‘al oilalar soni kamayib, tomorqa xo‘jaligi, yakka tadbirkorlik, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar safi tobora oshib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ovul fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Pirmanov rahbarligida “Mahalla yettiligi” tomonidan infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni hal etishga kirishilgani bois, qangliliklar hayotida sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Xususan, ichki yo‘llar ta’miri bo‘yicha, ichimlik suvi, elektr energiyasi va suyultirilgan gaz ta’minoti, ta’lim, sog‘likni saqlash, madaniyat, sport inshootlarini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari doirasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” jamg‘armalari orqali moliyalashtirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Shulardan eng ahamiyatlisi – qishloqning Xonjig‘ali mahallasi hududidagi salkam 2 km uzunlikdagi ko‘chalarga tosh-shag‘al yotqizildi.
Shaxsan Prezidentimizning tashabbus va ko‘rsatmalari asosida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan oilalar farovonligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uy-joylarining tom qismini shiferlab berish, yashash sharoiti juda og‘ir deb topilgan xonadonlarni joriy ta’mirlash, yaroqsizlarini buzib, qaytadan qurish ishlarini amalga oshirish maqsadida “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy yurib, aholining yashash sharoitlari o‘rganildi va qishloqdagi mavjud barcha xonadonlar xatlovdan o‘tkazildi. Shunga muvofiq og‘ir sharoitlarda yashayotgan 33ta xonadon ro‘yxati shakllantirildi va 2023-yil davomida 19ta xonadonning tom qismi shifer bilan yopildi, 1ta xonadon buzib, qaytadan qurib berildi.
Qangli qishlog‘i chegara hududida joylashganligi, qolaversa, aholining xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Xonjig‘ali, Mataryop ko‘chalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosiga quyosh paneli, elektr energiyasi uzatish ustunlari hamda 235 mln so‘mlik transformator o‘rnatildi.
Shuningdek, 2-Mataryop ko‘chasiga 12 ta elektr ustunlari o‘rnatish, SIP kabellarini tortish, 1km masofada piyodalar yo‘lakchalarini qurish ishlari amalga oshirildi. Qishloqning markaziy ko‘chasida olib borilgan qurish-ta’mirlash ishlari natijasida mazkur ko‘chaning 2km qismiga, Xonjig‘ali mahallasi hududidagi ko‘chalarning 1,5 km qismiga asfalt qoplamasi yotqizilib, “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida 1,5 km ichki xo‘jalik yo‘llariga shag‘al-tosh to‘shaldi.
Avvallari qishloq aholisidan tushgan murojaatlar bo‘yicha holatlar o‘rganilib, faqat murojaat qilgan fuqarolargagina ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilardi. Endilikda esa mahalla institutini yanada takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilayotgan davlatimiz g‘amxo‘rligi va e’tibori tufayli qishloqdagi barcha xonadonlar xatlovdan o‘tkazilishi natijasida ijtimoiy himoya choralarini belgilash adolatli hal etilmoqda.
Qangliliklarga ham 2023-yilda o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra uch toifa bo‘yicha ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, 1-toifadagi ro‘yxatga 257 ta kam ta’minlangan, ehtiyojmand va daromadi juda past oilalar kiritildi. 2-toifaga esa o‘rtacha oylik daromadli xonadonlar, ya’ni oila a’zolarining daromadi jon boshiga minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan uch baravarigacha – 568 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan 336ta xonadon kiritildi. 3-toifaga o‘rtacha oylik daromadlari minimal iste’mol xarajatlarining uch baravaridan yuqori bo‘lgan oilalar kiritildi va ana shu natijalarga asosan ijtimoiy himoya choralari ko‘rildi.
Aholining daromad manbaini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida 197 nafar fuqarolar doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. 85 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kredit mablag‘i olishida ko‘maklashildi. 151 nafar ishsiz fuqaroga esa “E-AUKSION” savdo platformasi orqali qishloq xo‘jaligi yerlari ajratilib, 1 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga joylashtirildi. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan hokim yordamchisining bergan tavsiyanomasiga asosan 16 nafar fuqaroga jami 52,8 mln so‘mlik subsidiyalar ajratildi.
“Mahalla yettiligi”ning hamkorlikdagi faoliyati natijasida ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hududdagi ta’lim-tarbiya muassasalari o‘quvchi-yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar ham o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, ayol-qizlar orasida o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanib, doimiy daromad manbaini yaratayotganlar, tomorqa xo‘jaligini yuritish orqali qo‘shimcha daromadga ega bo‘layotganlar talaygina.
Hududdagi maktablarning o‘quvchilari orasida intiluvchan, sportsevar, kitobxon yoshlarning ko‘pligi qangliliklar o‘tayotgan har bir kunidan ma’no-mazmunlar topib, kelajakka dadil intilib yashayotganlaridan dalolatdir. Chunki Qangli qishlog‘ining buguni ham, ertasi ham o‘zlariniki, o‘z turmush tarzlarini ijobiy va yaxshi tomonga o‘zgartirib, zamon bilan hamnafas yashash, mehnat qilish esa qangliliklarga xos bobomeros qadriyat. Mehnatkash va fidoyi, yangiliklarga intiluvchan Qangli qishlog‘i aholisining bugungi turmush tarzi bilan tanishib, bu mard, sabr-qanoatli va mehnatkash insonlarga havas qildik.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz