Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda mavjud suv zaxiralaridan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Suvning har qatrasini tejab, oqilona foydalanishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olishda, ekin yerlarining meliorativ holatini yaxshilashda, ularning unumdorligini oshirishda suvning ahamiyati katta, albatta.
Qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari qatori suv tizimi xodimlari uchun ham yilning to‘rt fasli birdek ish mavsumi hisoblanadi. Ayni kunda suv xo‘jaligi ishchi mutaxassislari kuz-qishki tadbirlar doirasida ariq va kanallarni tozalash, ularni betonlashtirish bir so‘z bilan aytganda, ekin yerlarini suv bilan ta’minlashga xizmat qiladigan yumushlarni davom ettirmoqda. Hozirda mirishkor dehqonlarning suvga bo‘lgan talabi ancha kamaygan bo‘lib, suv xo‘jaligi xodimlari uchun esa bu davr dolzarb ish mavsumi sanaladi. Aynan shu davrda ariq va kanallar hamda boshqa suv inshootlari tartibga keltiriladi, ularda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Amudaryo tumanida kanal va ariqlarni betonlashtirishning maqsadi, foydasi va suv isrofini kamaytirishdagi roli hamda betonlashtirish usullariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Choyko‘l OFY hududidagi “Xadaybergan Jabborovich” MCHJda tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murodboy Abdirov, Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyor Juzboyev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, qishloq va suv xo‘jaligi soha mas’ullari hamda fermerlar ishtirok etdilar. Seminarda so‘zga chiqqanlar qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida suv muhim ahamiyatga ega ekanligini, uni isrof qilmasdan tejab ishlatish hamda mavjud suv zahiralaridan samarali foydalanish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan ekanligini ta’kidladilar. Qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanishda ariq va kanallarni betonlashtirish juda katta ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Aytish joizki, davlatimiz rahbari joriy yilning 7-oktabr kuni suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida suv tanqisligi muammosining yagona to‘g‘ri yechimi suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ariqlarni betonlash ekanligini, bu boradagi ishlar yanada jadallashtirilishini ta’kidlaydi. 2025-yilda bu maqsadga 800 mlrd so‘m yo‘naltiriladi, betonlangan kanallarda suv oqimini tezlashtirish hisobiga kichik GESlar qurilishi rejalashtirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani evaziga 200 ming gektar maydonda suv yaxshilangan, yiliga 450 million kub metr suv tejalmoqda. Fermer va klasterlar tomonidan ham 13 ming km ichki tarmoq betonlangan. O‘zbekistonda suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida kanallarni betonlash dasturini davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Amudaryo tumanida 296,65 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallar, 1342 km ichki xo‘jalik kanallari mavjud. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanallarda suv yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida tumanda 2024-2025-yil kuz-qish mavsumida 40 km uzuznlikda xo‘jaliklararo kanallarni, 300 km uzunlikda ichki xo‘jalik kanallarni betonlashtirish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda tumanda ichki kanallarni betonlashtirish ishlari boshlangan bo‘lib, 0,25 km uzuznlikda ichki xo‘jalik kanallarida betonlashtirish ishlari olib borilgan. Seminarda bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.