Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar Torebekov, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Azamat Davletov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ullari, shuningdek 49 ta ovul, mahallalar “yettiligi” mas’ullari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar Torebekov hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Azamat Davletov so‘zga chiqib, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi, is gazidan zaharlanishning ayanchli oqibatlari va uning oldini olish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, uyma-uy yurib, aholi xonadonlarida isitish qozonlarining va dudburonlarning mavsumga tayyorgarlik holatini o‘rganish va nazoratni kuchaytirish, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf qilish zarurligi xususida so‘z yuritdilar.
Qayd etish joizki, is gazidan zaharlanish – inson organizmiga is gazi kirishi oqibatida rivojlanadigan o‘tkir patologik holat bo‘lib, hayot va salomatlik uchun xavflidir va malakali tibbiy yordamsiz o‘limga olib kelishi mumkin.
Havo haroratining keskin o‘zgarishi, kunlarning sovishi issiqlik ta’minoti va isitish jihozlariga bo‘lgan ehtiyojimizni oshiradi. Isitish manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida is gazi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar, eng achinarlisi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelib, insonlar qurbon bo‘lishi mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ob-havo keskin sovigan kunlarda sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holati bilan bog‘liq. Ushbu zaharli gaz xonadonlarimizda foydalaniladigan tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa shu kabi yoqilg‘i manbalarining to‘liq yonmasligi natijasida paydo bo‘ladi.
Is gazi rangsiz va hidsiz gaz bo‘lib, nafas yo‘llari orqali qonga so‘rilganda organizmni, xususan, markaziy asab tizimini jiddiy zararlashi bilan xavflidir. Inson is gazi bilan zaharlangan havodan nafas olib tursa ham, hech narsani sezmaydi, shu bois, is gazidan zaharlanib, vafot etish ehtimoli yuqori. Bu holat ko‘pincha dudburonlarning tiqilib yoxud ishlamay qolishi, gaz yonishi uchun havo yetarli bo‘lmaganda kuzatiladi. Profilaktik maqsadlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish kerak. Uyda zaharlanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun nosoz gaz va isitish moslamalaridan foydalanmaslik tavsiya etiladi.
Ma’lumot tariqasida aytish joizki, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan aholi uy-joylaridagi va ko‘p xonadonli uylardagi isitish qozonlari va pechlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etish holatlarini tizimli o‘rganish hamda aniqlangan muammo va nosozliklarni bartaraf etilish va dudburonlarni tozalash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida mahallalar kesimida uyma-uy yurib xonadon egalariga yong‘inga qarshi tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shu maqsadda, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun tezkor shtab va ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida, jami 12 ming 563ta aholi yashash hovli uylari o‘rganib chiqildi, 10 ming 687 ta xonadonlar isitish qozonlarining dudburonlari tozalandi.
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari va tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda xavf yuqori bo‘lgan obyektlarda, ijtimoiy soha obyektlari, o‘rmonlarda, uy-joylarda hamda ta’lim obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va mol mulkining daxlsizligini saqlash maqsadida amaliy ishlar qilmoqdalar.
Yig‘ilishda bu borada oldinda turgan vazifalar xususida so‘z yuritilib, tegishli mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.