“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etilmoqda

Туман янгиликлари

Bugun atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va ekologik vaziyatni yaxshilash dunyoning barcha davlatlarida eng dolzarb masalaga aylangani hech birimizga sir emas. Sababi, havo va suvning ifloslanishi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.

Yurtimizda bu kabi salbiy holatlarning oldini olish hamda oqibatlarini yumshatish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan 3 yil oldin boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugun chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish ishlari tizimli ravishda tashkil qilinmoqda. Tabiatni asrab-avaylash va himoya qilish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish borasida mazkur loyiha muhim qadam bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a emas.

Amudaryo tumanida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tashabbusi bilan tumanning Beshtom mahallasi hududida katta maydonda bog‘ barpo qilinmoqda. Bog‘ uchun mo‘ljallangan maydon obodonlashtirilib, yerni ko‘chat ekishga tayyorlash ishlari sifatli amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda hokim o‘rinbosarlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari, 49ta ovul va mahallalar “yettiligi” a’zolari faol qatnashib, bog‘ barpo qilish uchun ajratilgan maydonda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Jamoatchilik yordami bilan bog‘ yaratish uchun ajratilgan ekin maydoni, ariqlar ichi begona o‘tlardan tozalanib, ekin yerlarni haydash ishlari sifatli amalga oshirilmoqda. Yurt obodligiga hissa qo‘shishdek xayrli ishda barcha mas’ullar faollik ko‘rsatib, tashkilotchilik va o‘zaro hamjihatlikda ishlarni sifatli bajarmoqdalar.

Ma’lumot tariqasida aytish joizki, 26-noyabr holatiga tumanda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 270 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Ayni kunlarda ko‘chat ekish ishlari tegishli korxona-tashkilotlar, muassasalarga ajratib berilgan hududlarda izchillik bilan davom ettirilmoqda. Mas’ullar faqat daraxt ekibgina qolmay, balki kelgusida ekilgan daraxtlarni parvarish qilishga ham alohida e’tibor qaratishni zimmalariga olishgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimiz shaharlarini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish, ularning ko‘kalamzorlashtirish darajasini yanada oshirish, shahar va tumanlarda “jamoat parklari”ni tashkil etish borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun sharoit yaratish zimmamizdagi mas’uliyatli vazifamizdir. Bugun biz tabiatga mehr va e’tibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Shunday ekan, yer va suv resurslarini, tabiatni, ekologik tizimni asrash hamda daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘lar, yashil maydonlar yaratishga hissa qo‘shish har birimizning insoniy burchimizga aylanmog‘i kerak.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.