31-SONLI MAKTABNING YANGI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor tufayli, har yili o‘nlab maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilinib, qayta jihozlanmoqda va o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan binolar o‘rnida yangilari bunyod etilmoqda. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va qo‘llab-quvvatlashlari bilan amalga oshirilayotgan bu kabi bunyodkorlik ishlari Amudaryo tumanida ham keng miqyosda olib borilib, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining shart-sharoitlari yaxshilanib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanayotgani ta’lim-tarbiya ishlarini samarali tashkil etish imkonini bermoqda. Tumanda birgina 2024 yilda turli manbalar hisobidan bunyod etilgan 5ta ijtimoiy soha obyektlaridan 3 tasi umumta’lim maktablari va 2tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Shulardan biri – 31-sonli maktabning 330 o‘rinli yangi binosi hisoblanadi.

Mazkur maktabning eski binosi 1964-yilda 560 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda mazkur bino ancha eskirgani, ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli olib borish imkoni bo‘lmagani sababli, 2007 yilda maktabga rekonstruksiya hisobidan 160 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berilgan edi. Salkam 500 nafar o‘quvchi ta’lim oladigan mazkur o‘quv muassasasi uchun, albatta, 160 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilgani bilan maktabda o‘quvchilarga zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya berish borasidagi muammolar barham topmadi. Shu bois, joriy 2024-yilgi investitsiya dasturi doirasida 4,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga maktab uchun 330 o‘rinli, zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.

29-noyabr kuni maktab binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. O‘quv muassasasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov rahbarligidagi tuman hokimligi mas’ullari, sektor rahbarlari, Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, Beruniy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda mahalla faollari, pedagog xodimlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Amudaryo tuman hokimi Sobir Xo‘jametov Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullarini, 31-sonli maktab pedagogika jamoasini yangi maktab binosining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan samimiy tabrikladi va qurilish ishlarini qisqa muddatda, sifatli amalga oshirgani uchun "Sanjar Diyor building" MCHJ quruvchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Tadbirda mazkur ta’lim dargohi yillar davomida tumanimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan yuksak salohiyatli mutaxassis kadrlar yetishib chiqishida muhim rol o‘ynagani alohida e’tirof etilib, maktabning sobiq bitiruvchilari orasida mamlakatimiz ilm-fani darg‘alari, davlat va jamoat arboblari borligini faxr bilan tilga olindi.

Tadbirda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Yalg‘osh Shomuratov ham so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor tufayli sohada erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi va pedagog xodimlarni yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondoshgan holda, yaratilayotgan sharoitlarga munosib ravishda faoliyat olib borishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, maktab binosini bunyod etgan “Sanjar Diyor building” MCHJ rahbariyati tomonidan maktab direktori Nilufar Davletovaga yangi binoning ramziy kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari maktab binosida yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, maktab infratuzilmasi, fanlar bo‘yicha maxsus jihozlangan xonalar bilan yaqindan tanishdilar.

Shu kunning o‘zida o‘quvchilar o‘z ustozlari rahbarligida shinam va yorug‘, zamonaviy sharoitlarga ega sinf xonalarida o‘quv mashg‘ulotlarini boshlab yubordilar.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uz