1989-yil 1-dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan bo‘lib, bu yil ushbu sanaga 35 yil to‘lmoqda. Sana munosabati bilan Respublika bo‘ylab keng ko‘lamli bayram tadbirlari, qoraqalpoq tili va adabiyoti kechalari tashkil etilib, bayram ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Amudaryo tumanida ham ushbu sana munosabati bilan katta bayram tadbiri tashkil etildi. Tuman Madaniyat bo‘limida o‘tkazilgan tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Fahriddin Yusupov so‘zga chiqib, o‘z milliy tilimizning qudratini, uning boy madaniyatini va asrlar davomida saqlanib kelgan qadriyatlarini ulug‘lab, ularni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini ta’kidladi hamda uning rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Fahriddin Yusupov o‘z nutqida qoraqalpoq tili — bu nafaqat ona tilimiz, balki unda katta tarix, ulug‘ ajdodlarimizdan, ota-bobolarimizdan bizga o‘tgan ulkan meros mujassamlanganini, qoraqalpoq tili o‘zining qudrati bilan millatimizning madaniyati, tarixiy tajribasi va dunyoqarashini aks ettirishini, u har bir so‘zi, har bir iborasi orqali xalqimizning ruhini, ma’naviy qadriyatlarini namoyon qilishini ta’kidladi. Shuningdek, bugun tumanimizda qoraqalpoq tilining ravnaqi va taraqqiyoti uchun fidokorona harakat qilayotgan barcha muallimlar, tadqiqotchilar va tilimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan har bir insonga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Darhaqiqat, har birimiz o‘z tilimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada mustahkamlash, uning yordamida kelajak avlodga sof, boy va qudratli tilni meros qoldirish uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi. Tumanimizning umidli ijodkorlari o‘zbek va qoraqlpoq tillarida Vatan, tinchlik, do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar.
Qayd erish joizki, qoraqalpoq tili turkiy tillar oilasining qipchoq guruhiga kiradi. U qozoq hamda no‘g‘oy tillariga yaqin. Tilda shimoli-sharqiy va janubi-g‘arbiy lahjalar bor. Bugungi kunda 500 ming kishidan ko‘proq aholi qoraqalpoq tilida muloqot qiladi. Qoraqalpoq yozuvi 1928-yilgacha arab alifbosi asosida yozilgan bo‘lsa, keyinchalik lotin alifbosiga o‘tilgan. 1940-yilda kirill yozuvi joriy qilingan bo‘lsa, 1994-yilda lotin alifbosi asosidagi yozuv qoidalari ishlab chiqilgan.
Ta’kilash kerakki, bugungi kunda qoraqalpoq tilini rivojlantirish, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ko‘plab samarali ishlarning amalga oshirilayotganiga barcha jabhalarda guvoh bo‘lish mumkin. Kelajakda har birimiz qoraqalpoq tilini nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham e’tirof etilgan, o‘rganilgan va qadrlangan tilga aylantirishga intilishimiz lozim.
Aziz yurtdoshlar, qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yillik bayrami barchangizga muborak bo‘lsin! Qoraqalpoq tiliga bo‘lgan muhabbatimiz abadiy bo‘lsin!
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.