Xalqimizda “yaxshidan bog‘ qolar” degan go‘zal maqol bor. Darhaqiqat, musaffo havodan nafas olib yashash ham bir ne’mat, havoning tozaligiga, musaffoligiga tabiatni sevuvchi inson sifatida hissa qo‘shish esa ham foydali, ham savobli ish.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda 2021-yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda yurtimizdagi barcha vazirlik, tashkilot, muassasa va korxonalarda, jumladan, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlarning biri yaqindagina Amudaryo tumanidagi Beshtom mahallasi hududida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, “Mahalla yettiligi” vakillari, korxona tashkilotlar, bo‘limlar, fuqarolar yig‘inlari mas’ullari faol ishtirok etdilar.
O‘zbek xonadonlarining qaysi biriga tashrif buyurmang undagi fayz-u, barakani his etasiz. Oiladagi tinchlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat degan tushunchalarga hamohang tarzda daraxt ekib, mevasini dasturxonga tortish, sarxil mevalardan qo‘ni-qo‘shnilarga “o‘zimizning bog‘dan!” deya mehr ila ilinish xalqimizga xos bo‘lgan ezgu an’ana. Ha, bog‘ yaratishga, ko‘chat ekishga ulug‘vor vazifa sifatida qarab, ne hasratda kamolga keltirgan daraxtining qo‘shnining devori tarafiga egilgan shohasidagi mevalarni qo‘shnisiga ataydigan oliyjanob xalqimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Tadbir davomida Beshtom mahallasi hududida bog‘ yaratish uchun ajratilgan 10 gektar yer maydonida turli xil mevali daraxtlar ko‘chatlari ekildi hamda ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish uchun farg‘onalik bog‘bonlar jalb qilindi.
Ezgu maqsad kishilarni birlashtirsa, o‘sha maqsad albatta amalga oshishi shubhasiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham ana shunday ezgu maqsadni ko‘zlab, bog‘ yaratish, ekologiya va atrof-muhitni asrab-avaylash kabi ayni damda dolzarb bo‘lgan ekologik muammolarga barham berish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Yaxshi dam – mehnatga hamdam” deydi xalqimiz. Tadbir davomida hofizlar tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar bilan ko‘chat ekish jarayoni yuqori kayfiyatda davom etdi. Ko‘chat ekish ishlariga o‘z hissasini qo‘shgan insonlar uchun dala boshida osh damlanib, tadbir bayramona tus oldi. Yig‘ilganlar tadbir so‘ngida umid bilan yerga qadalayotgan bu nihollar kun kelib, ulkan boqqa aylanishini, xalqimiz tinchligi hamda yurtimiz osoyishtaligini tilab duoga qo‘l ochdilar.
Ha, atoqli shoirimiz Ibrayim Yusupovning “Sabr qiling yana bir oz, bu yer hali zo‘r bo‘ladi” degan satrlari bugun o‘z tasdig‘ini topayotganday. Kun kelib Beshtomdagi bog‘ning soyasida salqinlab, mevalaridan totguvchilar ko‘chat o‘tqazgan aziz qo‘llarni alqab, rahmat aytsalar, ajab emas.
Aziza MADRAHIMOVA
manba: amunews.uz