Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, insonlarning turmush sharoitlarini tubdan o‘zgartirish, qishloqlarda ham shahardan qolishmaydigan zamonaviy sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida 2021-yilning 18-sentyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu loyiha asosida Amudaryo tumanida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlar olib borilmoqda. Loyiha bilan tumanimizda jami 12 ta yangi zamonaviy obyektlarni qurish va ishga tushirish belgilangan. Xususan, Farovon mahallasi markazida 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, Olmazor mahallasi hududidagi Birdamlik va Yangibog‘ ko‘chalari tutashgan o‘rinda 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, Arna bo‘yi mahallasi Pokizalik ko‘chasida 150 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari yangidan barpo etilmoqda. “Zamin qurilish trans servis” MCHJ pudratchi tashkiloti tomonidan ushbu obyektlarning qurilish ishlari jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.
Shuningdek, Do‘stlik mahallasi Chamanzor ko‘chasida 240 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti, O‘rta qal’a hamda Toshyop ovullari hududlarida 3 qavatdan iborat maishiy xizmat ko‘rsatish markazi, shuningdek, Tosh yop ovuli hududida kuniga 50 ta tashrifga mo‘ljallangan yangi qishloq vrachlik punkti binolarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Prezident qarorida Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasidan 20 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 75 mln AQSH dollari miqdorida qarz jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarorda “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining amalga oshirilishida Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihani amalga oshirish davrida mas’ul ijro etuvchi organning hamkori sifatida faoliyat ko‘rsatishi va u tomonidan loyiha uchun 3,05 mln AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilishi, loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi 59,95 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lardan iborat bo‘lishi qayd etilgan.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta qishloq va mahalla, shundan 40ta markaziy, 130 ta yondosh mahallalarni qamrab olishi belgilangan bo‘lib, loyiha 2021-2025-yillarda amalga oshiriladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.