Ma’lumki, Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 3-dekabr sanasi butun dunyoda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelmoqda. Dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham ushbu sana keng nishonlanadi.
Sana munosabati bilan Amudaryo tumani hokimligi tomonidan katta bayram tadbiri tashkil etildi. Tumanimizdagi “Oltin saroy” tantanalar saroyida nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimiz uchun bayram dasturxoni yozildi. Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Fahriddin Yusupov so‘zga chiqib, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ushbu toifa vakillari turmush tarzining tobora yaxshilanayotgani xususida so‘z yuritdi hamda barchani bayram bilan tabrikladi.
Tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyev o‘z nutqida inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘layotganini qayd etdi.
Shundan so‘ng bayram dasturxoniga taklif etilgan barcha nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimiz uchun tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan bayram sovg‘alari topshirildi. Tadbir tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kvotalar belgilanganligi ham davlat tomonidan ularga berilayotgan keng imkoniyatlar belgisi sanaladi. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda tumanimizdan 5 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlarimiz oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishdi. Bu kabi xayrli ishlarning amalga oshirilishida katta ma’no bor. Chunki davlatimiz siyosatida ham, muqaddas islom dinimiz ta’limotlarida ham inson eng aziz va mukarram sanalgan. Mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz ham azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi.
Ana shunday ezgu an’analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida so‘nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bayram tadbiri sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar bilan yuqori kayfiyatda ajoyib taassurotlarga boy tarzda o‘tdi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.