Xalqimizning o‘ziga xos milliy-ma’naviy qadriyatlari, asrlar sinovidan o‘tgan biri-biridan go‘zal urf-odatlari dunyo xalqlarini o‘ziga rom etib keladi. “Qo‘shni – qo‘shniga qo‘l-qanot”, “Bir oila obro‘si mahalla ahli uchun sharaf”, “Mahalla – mehr-oqibat maskani”, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” kabi hikmatlarni o‘zlarining hayot tamoyillariga aylantirgan mahalladoshlar hech qachon biri-biridan ko‘ngil uzishmaydi va biri-birini yolg‘iz tashlab qo‘yishmaydi. Ayniqsa, kamxarj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bunday oilalar farzandlarining o‘qib, bilim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari uchun ko‘maklashish hamisha mahalladoshlarning zimmalaridagi insoniy burchlari bo‘lib kelgan va bu burch va mas’uliyat tuyg‘usi xalqimiz uchun ona Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan hamohangdir.
Muhtaram Prezidentimizning 2024-yil 25-noyabrda qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mohiyatan mahalla institutining o‘ziga xos xalqona qadriyatlarni yanada mustahkamlash borasidagi nufuzini oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Unga ko‘ra, keksa avlod vakillarining bilim va katta hayot tajribalaridan foydalangan holda 3 nafar nuroniyni 5ta kambag‘al oilaga biriktirish orqali ularning tomorqa xo‘jaligini samarali yuritishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, farzandlarining bilim olishlari, kasb-kor egallashlari borasida to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlar berish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida “Nuroniylar va ota-onalar Kengashi” a’zolari ishtirokida oilalarda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash, ko‘chma do‘konlar, kichik oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlarida fuqarolarni “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda doimiy qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarni amalga oshirish belgilangan.
Joriy yilning 3-dekabr sanasida Amudaryo tuman hokimligining katta majlislar zalida tumandagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, “Mahalla yettiligi” a’zolari, “Nuroniy” jamg‘armasi jamoatchilik Kengashi a’zolari va faol nuroniylar ishtirokida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda mas’ullar tomonidan mazkur Qarorning mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tumandagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilayotgan “Nuroniylar va ota-onalar Kengashi” a’zolarining mahalla ahli hayotidagi o‘rni xususidagi masalalar bo‘yicha ma’lumot va tavsiyalar, zarur tushunchalar berildi.
Yig‘ilishda Amudaryo tuman hokimining o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, “Nuroniy” jamg‘armasi jamoatchilik Kengashi raisi Bekman Allamberganov va boshqalar so‘zga chiqib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishda nuroniylar o‘zlariga birkitilgan kambag‘al oilalar farzandlarining bilim olish, kasb o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va iqtidorlariga muvofiq ularni usta va hunarmandlarga shogirdlikka berish, xorijiy tillarni o‘rganishlari uchun sharoitlar yaratish, ko‘chma do‘kon va kichik ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilishni xohlagan oilalarga mahalladagi hokim yordamchisini jalb qilgan holda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish, farzandlari OTMlarda ta’lim olayotgan oilalarni tegishli jamg‘armalar orqali qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur dastur doirasida ovul va mahallalarda salomatlik uchun piyoda yurish, kamxarj oilalardagi nuroniylar va yoshlar ishtirokida turli ko‘ngilochar sport tadbirlarini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini doimiy ravishda amalga oshirish, ayniqsa, kambag‘al oilalar farzandlarining turli sport musobaqalarda qatnashishlari uchun tegishli manbalar orqali mablag‘lar ajratilishini ta’minlash borasida qimmatli fikrlar ham bildirildi.
Yig‘ilishda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Amudaryo tumani bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan rejalar belgilanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz