BO‘Sh ISH O‘RINLARI YARMARKASIDA 28 NAFAR FUQARO DOIMIY ISHGA JOYLASHTIRILDI

Туман янгиликлари

Ijtimoiy faol inson jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar va yangilanishlarga o‘zini daxldor deb biladi, qilayotgan har bir ishidan ma’no-mazmunlar topib yashashga intiladi. Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti ekspertlarining xulosalariga ko‘ra, doimiy mehnat, o‘qish-izlanish bilan band bo‘lgan kishilarda qarish jarayoni sekinlashib, yashash, mehnat qilish ishtiyoqi baland bo‘larkan. Demak, inson o‘z hayotining ma’lum qismini mehnat maydonida, yaratuvchanlik kayfiyatida o‘tkazishi uning nafaqat moddiy manfaatdorligi, balki uzoq va sermazmun hayot kechirishining birdan-bir muhim omili hisoblanadi. Dunyodagi barcha mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham xalqimizning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning doimiy va barqaror ish o‘rinlariga ega bo‘lishlarini ta’minlashga hamisha eng ustuvor masala sifatida qaraladi.

Aholining bandligini ta’minlash, yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratish, har bir ishga yaroqli insonning intilish va qiziqishlarini inobatga olgan holda, o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida ma’lum bir faoliyat turi bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish hududlardagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari xodimlari zimmasidagi mas’uliyatli vazifalar sirasiga kiradi. Bu borada Amudaryo tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga munosib.

Bo‘lim xodimlarining tumandagi mavjud korxona va tashkilotlar mas’ullari bilan hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli tez-tez tashkil etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari orqali ko‘plab fuqarolar doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirilib, qiziqish va iqtidorlariga munosib ravishda kasb-korga o‘qishlari uchun sharoit yaratilib, bandligi ta’minlanmoqda.

Joriy yilning 2-dekabr kuni Amudaryo tuman Madaniyat bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan mehnat yarmarkasida ham ko‘plab fuqarolar ish bilan ta’minlandilar.

Yarmarkada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Niyatbay Nurjanov, Amudaryo tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov, Amudaryo tuman prokurori yordamchisi Sanjar Abdullayev, Amudaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Mansur Sodiqov, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchilari hamda boshqada hamkor tashkilotlar, tijorat banklari vakillari, shuningdek, 74 nafar ishsiz fuqarolar, aliment to‘lovchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, turli OTMlar, kollej va texnikumlarning bitiruvchi yoshlari qatnashdilar.

Hamjihatlik va hamkorlik, shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida tumandagi 58 ta korxona va tashkilotlar vakillari 195 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Yarmarkani Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Rashid Salayev ochdi va olib bordi. Yarmarka ishtirokchilariga bo‘lim xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari va ularga aholini ishga joylashtirish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, xohlovchilarni xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat va ma’lumotlar olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilib, videoroliklar, bannerlar, broshyuralar, reklama varaqalari taqdim qilindi.

Yarmarka davomida 26 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. Shundan 12 nafari xotin-qizlar, 8 nafari yoshlar bo‘lib, 6 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 12 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilindi.

Yarmarka davomida bo‘lim xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari, ularga aholini ishga joylashtirish bo‘yicha 21 nafar, ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha 28 nafar, xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish bo‘yicha 22 nafar, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash bo‘yicha 16 nafar fuqarolarga huquqiy maslahatlar, kerakli ma’lumot va tavsiyalar berildi. Chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga ZOOM platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchilar bilan suhbatlarda qatnashish imkoniyatlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Aholining ijtimoiy faolligini oshirish, o‘zlari uchun ma’qul bo‘lgan kasb-korlarni egallab, o‘zi va oilasining doimiy daromadga ega bo‘lishlarini ta’minlash borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, pirovardida ularning hayotdan rozi yashashlariga ko‘maklashish borasidagi bu kabi xayrli ishlar Amudaryo tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan yangi, 2025-yilda ham tizimli ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uz