Joriy yilning 6-dekabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida VII chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 2-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sessiyani “3-Do‘stlik” saylov okrugidan deputat Madamin Kazakov ochib berdi. Sessiya kotibligiga “1-Navoiy” saylov okrugidan deputat Gulshod Yusupova saylandi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashi Raisini saylash to‘g‘risida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda siyosiy partiya guruhlarining Qo‘shma yig‘ilishi taklifi asosida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi Raisi lavozimiga 20-To‘lqin saylov okrugidan deputat Xojametov Sabir Jabbarberganovich nomzodi taklif qilindi hamda deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng sessiyani Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi Raisi Sabir Xojametov boshqarib bordi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi – “Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi Raisi o‘rinbosarini va kotibiyati mudirini tayinlash to‘g‘risida”gi masala muhokamasida tuman Kengashi Raisi o‘rinbosari lavozimiga “3-Do‘stlik” saylov okrugidan deputat Kazakov Madamin Rajapovich nomzodi hamda tuman Kengashi kotibiyati mudiri lavozimiga “16-Kuyuk ko‘pir” saylov okrugidan deputat O‘razbayev Mansur Axmadjanovich nomzodi taklif qilindi va deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi – “Mahalliy budjetning 2024 yil davomida elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan ajratiladigan mablag‘lar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov hisobot berdi. Hisobot deputatlar tomonidan ma’qullandi hamda tegishli qaror qabul qilindi.
Deputatlar “Kengash doimiy komissiyalarini tuzish va shaxsiy tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi masalani ham muhokama qildilar. Ushbu masala yuzasidan “6-Bo‘ston” saylov okrugidan deputat Maxsud Sadullayev axborot berdi. Qayd etilganidek, qonunchilikda Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining Reglamentiga asosan Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash hamda vakolatlari doirasida nazorat o‘rnatish maqsadida Kengash o‘z vakolati muddatiga doimiy komissiyalar tuzishi belgilangan. Kengash qarori bilan Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 5 ta doimiy komissiyalari tuzilib, deputatlar mutaxassisliklaridan kelib chiqqan holda tegishli komissiyalarga biriktirildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha muhokama etildi, deputatlar har bir masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Faol muhokamalar va savol-javoblardan keyin har bir masala bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shu bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.