O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosib nishonlandi

Туман янгиликлари

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
     Konstitutsiyamiz O‘zbekiston tarixida uzoq, davomli maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab berishda o‘zining puxta o‘ylangan tamoyillari bilan ishonchli va hal qiluvchi omil bo‘ldi. Mamlakatimizning bugungi kungacha bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘li bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
     8-dekabr sanasi bosh qomusimiz – Konstitutsiya qabul qilingan kun sifatida butun yurtimiz bo‘ylab tantanali nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, mahallalar mas’ullari hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
     Bayram tadbiri O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari sadolari bilan boshlandi. Tadbirni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Fahriddin Yusupov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Fahriddin Yusupov o‘z so‘zida Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik islohotlar, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ijtimoiy o‘zgarishlar uchun asos bo‘lganligini, u inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb e’lon qilib, millatlararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, tarixiy-madaniy an’analarni rivojlantirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi hamda barchani bayram bilan tabrikladi.
       Shuningdek, tuman prokurori Abat Djumamuratov so‘zga chiqib, Konstitutsiya davlat suvereniteti, jamiyatda tinchlik va totuvlik tamoyillariga rioya etish, qonun ustuvorligini ta’minlash, hayotimizning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishning kafolati ekanligini, ushbu xujjat O‘zbekiston davlatchiligi shakllanishining eng yangi bosqichini boshlab berganligini va bugungi kunda u har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlashini qayd etdi va yurtimiz ahlini bosh qomusimiz qabul qilinganining 32 yilligi bilan tabrikladi.
       Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan ajoyib chiqishlar va betakror kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi. Tumanimizning iste’dodli xonandalari tinchlik, do‘stlik, Vatanni madh etuvchi, shuningdek, musaffo osmon ostida totuvlikda bir oila bo‘lib yashayotgan turli millat va elatlarning milliy kuy-qo‘shiqlarini ijro etdilar. Raqqosa qizlar ijrosidagi ajoyib raqslar barchaga yuqori bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
      Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin egallayotganini, xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishda asosiy mezoniga aylanayotganini ta’kidladilar. Aynan shu sababli bosh qomusimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimiz ekanligi qayd etildi.
     Tadbirida iste’dodli o‘quvchi yoshlar tomonidan ijro etilgan bosh qomusimiz haqidagi she’rlar hamda ajoyib kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
     Ta’kidlash joizki, Konstitutsiya — bu mamlakatimiz kelajagi, xalqimizning barqaror rivoji, tinchligi va farovonligiga qaratilgan kafolatdir. O‘zbekiston Konstitutsiyasining ahamiyati va ta’siri tobora ortib borar ekan, uning zamon talablariga moslashishi va jamiyatimizga xizmat qilishi davom etadi. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan qadriyatlar, adolat va qonun ustuvorligi har bir fuqaroga yoshidan, millatidan qat’iy nazar teng huquqlar berishni ta’minlaydi. Bugungi kunda xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.