“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil amalda

Туман янгиликлари

Inson manfaatlarini ta’minlash uchun, avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish alohida ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi muammolarini joyiga borib o‘rganishda hududlarda rahbarlar ishtirokida tashkil etilayotgan sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
    Amudaryo tumani Daryo bo‘yi mahallasidagi 21-sonli musiqa maktabi binosida tuman hokimi Sobir Xo‘jametovning aholi murojaatlarini o‘rganish yuzasidan sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Sayyor qabul jarayonida hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari hududdagi Qipchoq OFY va SHFY, Daryo bo‘yi MFY, Beshtom MFY, Uyshin MFY, Choyko‘l OFY, Qumyop MFY, Qangli OFY lardan fuqarolar ishtirok etdilar.  
    “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida tashkil etilgan sayyor qabulda aholi vakillaridan turli masalalar yuzasidan 20 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.  Xususan, Choyko‘l OFY Gulbog‘ ko‘chasida yashovchi Bahrom Allamberganov qizining oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirishi uchun shartnoma pulini to‘lashda amaliy yordam berish, Ehtirom ko‘chasida yashovchi Sarvinoz Qurbanboyeva ikki nafar nogironligi bo‘lgan ukalari uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan moddiy yordam olishda amaliy yordam berish kabi masalalar yuzasidan murojaat qildilar.
    Shuningdek, Uyshin MFYda yashovchi Malika Bozorboyeva uy-joyini ta’mirlash uchun moddiy yordam ajratishda amaliy yordam berish, Qangli OFYda yashovchi Salomat Abdullayeva uj-joy qurishga amaliy yordam berish, Daryo bo‘yi MFYda yashovchi Zulxumor Jangaboyeva turmush o‘rtog‘i Xayrulla Yuldashevning II guruh nogironligi bo‘lganligi sababli “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan dori-darmon olishda amaliy yordam berish kabi masalalar yuzasidan murojaatlar yo‘lladilar.
     Qolaversa, Beshtom MFYda yashovchi Manzura Ahmedova parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kredit mablag‘i ajratilishida amaliy yordam berish, Jaqsimurod Umrzaqov “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan moddiy yordam so‘rab murojaat qildilar.
    Ta’kidlash joizki, sayyor qabullar va aholi vakillari bilan muloqotlar odamlarni qiynayotgan muammolarini hal etish, xalqning og‘irini yengil qilish, fuqarolarning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining aholi vakillari bilan muloqotlari odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolarga o‘z joyida yechim topish imkonini bermoqda.  
     Bugun mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda kutilgan natijalarni bermoqda.
    Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatlardagi masalalarning aksariyati jarayonning o‘zida ijobiy yechimini topgan bo‘lsa, muddat va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan kelishib olindi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.