
Joriy yilning 12-dekabr kuni Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 3-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya majlisida deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va OAV vakillari ishtirok etdilar. Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi Raisi, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochdi hamda olib bordi. Sessiya kotibligiga “2-Boyovul” saylov okrugidan deputat Xonimjon Rajabovani saylash to‘g‘risidagi taklif deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Kun tartibidagi “Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni yo‘qotish miqdorini kamaytirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Amudaryo tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshlig‘i Shukurullo Yusupov hisobot berdi.
Hisobotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida joriy yil 7-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlarni ijro qilish borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Xususan, tumanda jami 296,65 km uzunlikda xo‘jaliklararo kanallar, 1342 km ichki xo‘jalik kanallari mavjud bo‘lib, suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanallarda suv yo‘qolishini kamaytirish maqsadida 2024-2025-yil kuz-qish davrida jami 190 km, shundan 40 km xo‘jaliklararo kanallarni betonlash hamda fermer va klasterlarning 150 km ichki kanallarini betonlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2025-yilda tumanda 48,1 km xo‘jaliklararo kanallarni tozalash hamda 335,5 km ichki kanallarni tozalash ko‘zda tutilgan. 2025-yil hosili uchun jami 2010 gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha samarali ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 550 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 200 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish, 60 gektar maydonda diskretli sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 960 ga maydonga egiluvchan quvurlar orqali, 240 ga maydonga egatga plyonka to‘shab sug‘orish orqali suvni resurslarini tejash ko‘zda tutilmoqda.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi – “Fermer xo‘jaliklari ekin maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, ularning ekin yer maydonlarini maqbullashtirishda huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash to‘g‘risida”gi masala yuzasidan tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Qudrat Abduxalikov hisobot berdi.
Hisobotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-apreldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi sohasini samarali rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi, deputatlarning fikr-mulohazalari tinglandi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining uchinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.