O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan joriy yil 4-chorak uchun tasdiqlangan media-rejaga asosan “Amudaryo tumanida aholini ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasidan foydalanish darajasini oshirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan” matbuot anjumani o‘tkazilishi belgilangan.
Joriy yilning 12-dekabr sanasida Amudaryo tuman hokimligining Axborot xizmati tomonidan hokimlikning majlislar zalida ushbu media tadbir tashkil etildi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, mahalliy OAV vakillari, yosh jurnalist va blogerlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. Matbuot anjumanini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda o‘z so‘zida mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik siyosatini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyatiga qaratilayotgan alohida e’tibor va bu boradagi islohotlar xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, turli darajadagi rahbarlarning xalq oldida hisobdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi asosiy vazifalar qator qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi 369-sonli Qonuni bilan bu boradagi vazifalar mustahkamlangan.
Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4366-sonli Prezident qarori davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalarining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Matbuot anjumanida tumandagi kommunal soha bo‘yicha tashkilotlar rahbarlari kun tartibidagi mavzu yuzasidan hisobot berdilar. Xususan, “Amudaryotumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Jasur Ermetov, tuman Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Jasur Salayev, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” AJ Amudaryo tumani filiali boshlig‘i Narimon Sabirovlar tumanda joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlari hamda kelasi yil uchun rejalari haqida hisobot berdilar.
Hisobotlar yakunlangach, tashkilotlar rahbarlariga anjuman ishtirokchilari tomonidan savollar berildi. Ko‘p yillik tajribaga, chuqur bilim va salohiyatga ega jurnalist Ozoda Xudayberganova tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida savollar hamda takliflar yo‘llandi. Tashkilotlar rahbarlari savollarga aniq va hayotiy misollar bilan javoblar berdilar.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.