TUMANIMIZDA “XAVFSIZ HUDUD” MAXSUS PROFILAKTIK NAZORAT TADBIRLARI AMALGA OSHIRILMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatda qonunlarimizga hurmat va itoatkorlik, fuqarolar o‘rtasida jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, soha mas’ullari tomonidan joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilayotgani bu boradagi ishlar natijadorligini oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 2024-yil 11-noyabrdagi Farmoyishiga asosan qabul qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining farmoyishiga ko‘ra, 2024-yilning 11-noyabr va 2025-yil 2-yanvar kunlari oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Xavfsiz hudud” maxsus profilaktik dolzarb 50 kun sifatida belgilanib, ishchi guruh tarkibi tasdiqlangan edi. Ayni kunlarda ishchi guruh tomonidan Amudaryo tumanida ham dolzarb 50 kun doirasida profilaktik nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Nazorat tadbirlari jarayonida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan aholiga jamoat xavfsizligi to‘g‘risida tushunchalar ham berib borilmoqda.

Avvalo, jamoat xavfsizligi – bu shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy manfaatlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishni ta’minlash, turli ko‘rinishdagi xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan jamoat munosabatlari ekanligi, fuqarolar va davlatning osoyishtaligiga, insonlarning salomatligiga xavf soluvchi har qanday hatti-harakatlarning kelib chiqishiga qarshi tez va ishonchli choralar ko‘rish, bu boradagi fuqarolarning burch va majburiyatlari to‘g‘risida mas’ullar tomonidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etilib, yo‘llarda harakatlanish madaniyatiga amal qilish zarurligi haqida tushuntirishlar, tavsiyalar berilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda xalqimizning iqtisodiy farovonligi oshib, deyarli har 5 xonadondan birida yengil avtomobil yoki skuterlar mavjud. Oddiy, xalqona til bilan aytganda, yo‘llarimiz to‘la mashina. Bu farovonlik biz uchun qanchalik yoqimli bo‘lishidan qat’iy nazar, yo‘llarda ehtiyotkorlik va ogohlikni unutishga haqqimiz yo‘q. Chunki salgina ehtiyotsizlik tuzatib bo‘lmas xatolarni keltirib chiqarishi, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik insonlar o‘limiga yoki umrbod nogiron bo‘lib qolishlariga olib kelishi hech gap emas.

Shuningdek, jamoat joylarida, to‘yxonalar, istirohat bog‘lari, umumta’lim muassasalari, bozorlar atrofida spirtli ichimlik ta’sirida shovqin ko‘tarish, begunoh fuqarolarni haqoratlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga, insonlarning dam olish, hordiq chiqarish damlariga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlar sodir etishga moyil huquqbuzar fuqarolarning jamiyatda o‘zini tutish qoidalariga amal qilmasliklari oqibatida kelib chiqadigan ko‘ngilsiz hodisalar tufayli ayrim holatlarda bunday shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilayotgani ham sir emas.

Bu kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ishchi guruh a’zolari tomonidan Amudaryo tumanining barcha hududlarida nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 11-noyabr sanasidan boshlangan dolzarb 50 kunlik “Xavfsiz hudud” maxsus profilaktik nazorat tadbirlari 2025-yil 2-yanvargacha davom etadi va mazkur tadbir doirasida rejaviy asosda tumanimiz aholisining xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan “Tig‘”, “Xavfsiz tun”, “Yo‘l qoidasi – umr foydasi”, “Svetofor” kabi ma’rifiy suhbatlar, tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib boriladi.

Qadrli yurtdoshlar, jamoat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shish har bir fuqaroning ishi. Chunki har qanday xavf-xatardan xoli hududda rivojlanish va taraqqiyot, tinchlik hokim bo‘ladi, oilalarda xotirjamlik hukm suradi. Xotirjamlik esa har bir insonga baxtiyorlik baxsh etadi. Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida har biringizni jamoat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga chaqiramiz.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uz