Bolaligimizda uyimizdagi elektr chirog‘i tez-tez o‘chib turar, ba’zan kechki ovqat paytida, ba’zan o‘qituvchimiz bergan uyga vazifalarimizni bajarayotganimizda “lip” etib chiroq o‘char, shunda opa-ukalar barchamiz bitta moychiroq atrofida o‘tirib, xiragina yorug‘likda bir amallab darsimizni tayyorlardik. Ota-onalarimiz esa bunday vaziyatlarning oldini olish “yo‘li”ni qilishardi. “Yo‘l”i – bog‘imizda yetishtirilgan mevalarni bozorga olib borib, suv tekinga sotish va evaziga bir quti sham xarid qilish. Keyingi gal elektr chirog‘imiz o‘chganida onam rahmatlik: “mana, rizqingizni sotib, ravshan olib berdik, moychiroq – bizlarga, ravshan – sizlarga”, deya shamlarga ishora qilib, hazillashardilar.
Ming shukur, zamon o‘zgardi, elektr chirog‘imiz o‘chib qolishining oldini olish “yo‘li”ni endi davlatning o‘zi qilayotir. Xalqimiz hatto elektr energiyasidan samarali foydalanish orqali o‘z hayotini yaxshi va ijobiy tomonga o‘zgartirib, farovon va obod, nurafshon xonadonlarda yashayotir.
Ayniqsa, iste’molchilarni, aholi xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli issiqlik energiyasiga ehtiyoj eng ko‘p bo‘ladigan kuz-qish mavsumida bu boradagi ishlarga e’tibor yanada kuchaytiriladi.
Biz ijodiy guruhimiz bilan yangi yil bayrami arafasida Amudaryo tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan kuz-qish mavsumini talofatlarsiz o‘tkazish maqsadida amalga oshirilgan ishlarning bugungi holati bilan tanishish asnosida bu boradagi ishlar ko‘ngildagiday tashkil etilganining guvohi bo‘ldik.
Xususan, tumanda elektr energiyasi bilan bog‘liq favqulodda holatlarning holatlarning oldini olish maqsadida 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Tayyorgarlik jarayonida 56 dona transformator punktlari, 177,1 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, 113 dona transformator punkti, 299,5 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 17-iyul kungi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi farovonligini oshirish maqsadida imzolagan maxsus qarori asosida tumanimizda 15,6 km havo tarmog‘i xamda 324 dona tayanch ustunlarida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Xususan, Beshtom mahallasi xududida 3,6 km zamonaviy SIP kabel tarmog‘i va 61 dona temir-beton tayanch ustunlari, Qaromon mahallasi xududida 3,7 km zamonaviy SIP kabel tarmog‘i va 84 dona temir-beton tayanch ustunlari, Bo‘z solma mahallasi hududida 3,7 km zamonaviy SIP kabel tarmog‘i va 71 dona temir-beton tayanch ustunlari, Amir Temur ovuli hududida esa 4,5 km zamonaviy SIP kabel tarmog‘i va 108 dona temir-beton ustunlari rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli Mang‘it podstansiyasidagi 16 ming kVA quvvatli kuch transformatori 25 ming kVA quvvatli kuch transformatoriga, Qipchoq podstansiyasidagi 2 ming 500 kVA quvvatli kuch transformatori 6 ming 300 kVA quvvatli kuch transformatoriga almashtirildi. Tumandagi mavjud podstansiyalar va elektr energiyasi uzatish havo tarmoqlarida amalga oshirilgan rekonstruksiya va joriy ta’mirlash ishlari natijasida iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish imkoniyati yuzaga keldi.
Muhimi, bugungi kunda amudaryoliklar “rizqini sotib ravshan olish” fikridan tamoman yiroq, aksincha, elektr energiyasi resurslaridan samarali foydalanish orqali oilalarining rizq-nasibasi yanada ziyoda bo‘lishini ta’minlashayotgani quvonarli.
Bundan ham quvonarlisi, tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2025-yilda favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida 58 dona transformator punktlari, 170,2 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarini mukammal ta’mirlash, 162 dona transformator punkti, 460,5 km uzunlikdagi havo elektr tarmog‘ida joriy ta’mirlash, 9 dona transformator punktlari, 14,1 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Demak, amudaryoliklar 2025-yilni yanada charog‘on, rang-barang, yorqin chiroqlar bilan bezatilgan Yangi yil archasi atrofida shod-u xurram kutib oladilar va... “farzandlari rizqini sotib, ravshan olmaydilar”. Qutilardagi shamlar esa o‘tmishda qoldi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz