O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabr kungi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-mart kungi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Yolg‘iz keksa” reyestriga kiritilgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va bir o‘zi yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning holidan xabar olish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdan tashqari, ularning hayotdan rozi yashashlarini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, turli bayram sanalari munosabati bilan saxovatpesha tadbirkorlarni jalb qilgan holda ularning madaniy tadbirlarda ishtirokini tashkil qilish, jumladan musiqa va san’at maktablarining hisobot konsertlari, teatrlardagi spektakllar, turli xil davra suhbatlari, uchrashuvlar va treninglarda qatnashishi uchun sharoit yaratish, ular ishtirokida samimiy muloqot va adabiy-musiqiy dam olish kechalarini tashkil etishga qaratilgan sa’y-harakatlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 21-dekabr sanasida Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman Madaniyat bo‘limi, “Ravshanbek Yulduzxon” firmasi hamda “Diamond” restorani hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda “Nuroniylar” jamg‘armasi jamoatchilik Kengashi Amudaryo tumani bo‘limi raisi Bekman Allaberganov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori G‘ulomjon Duysenboyev hamda mahalla tizimi faollari ishtirok etdilar.
Tadbirni nuroniy Bekman Allaberganov ochib berdi va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida so‘zlab, barchani yaqinlashib kelayotgan yangi – 2025-yil bilan muborakbod etdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori G‘ulomjon Duysenboyevlar ham tadbir ishtirokchilariga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishib, o‘tkazilayotgan tadbirdan maqsad “Yolg‘iz keksa” reyestriga kiritilgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiylashuvini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va ijtimoiy jabhalardagi faolligini oshirishdan iborat ekanini, bu borada yana yangi islohotlarni amalga oshirish hamda ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan qiziqarli tomoshalar namoyish etildi. Ayniqsa, Qudrat Matsafoyev boshchiligidagi illyuzion chiqishlar, ko‘zboylag‘ich va masxarabozlik san’atiga oid tomoshalar, biri-biridan yoqimli kuy va qo‘shiqlar, dilrabo raqslar ijro etilib, barchaga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchi keksalar ham so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, insonni hayotdan zavq olib yashashga rag‘batlantiruvchi xizmatlar hamda olib borilayotgan barcha ishlardan mamnunliklarini bildirishib, tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar va barchani kirib kelayotgan bayram munosabati bilan muborakbod qildilar.
Yangi yil bayrami arafasida, fayzli dasturxon atrofida o‘tkazilgan tadbir mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ulug‘ ekani, hech kim davlatimiz g‘amxo‘rligi va e’tiboridan chetda qolmasligi hamda xalqimiz uchun o‘zaro mehr-oqibat, saxovatpeshalik azaliy qadriyat ekanligining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz