Eng namunali ko‘chaboshilari taqdirlandi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sharapat Otemisov boshchiligida ko‘cha boshilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari hamda faol ko‘chaboshilar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Sharapat Otemisov so‘zga chiqib, so‘ngi yillarda Prezidentimiz boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy ishlar xususida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rivojlantirish maqsadida 15dan ortiq Prezident farmon va qarorlari qabul qilinib, ular hududdagi mislsiz o‘zgarishlarda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

2024-yil Qoraqalpog‘iston uchun eng tarixiy yillardan biri bo‘lib qolmoqda, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, xalqimizning ko‘p yillik orzularidan biri – Amudaryo ustidagi Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi ochilishi orqali yuk va yo‘lovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqartirilib, yangi imkoniyat eshiklari ochildi. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi.

Shuningdek, yilning eng muhim voqealaridan biri – 323 million dollar hisobiga yangidan qurilgan “Qo‘ng‘irot-Beyneu” avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirilishi bilan tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga oshishiga zamin yaratildi.

Qayd etish joizki, respublikamiz hududida sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istondagina joriy qilingan. O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu yil Nukusda o‘tkazilib, hududning salohiyati mamlakat bo‘ylab ishbilarmonlarga ko‘rsatib berildi.

Tadbirda mamlakatimizdagi islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlashda mahalla instituti, xususan ko‘chaboshilarning faolligi nihoyatda zarurligi qayd qilindi. Ularning fidoyi mehnatlari natijasida xalqimizning muammolari o‘z vaqtida yuqori tashkilotlarga, islohotlarning mazmun-mohiyatini esa aholiga yetkazilayotgani, bu esa kuchli fuqarolik jamiyati barpo qilishdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Aholi osoyishtaligini ta’minlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda ham ko‘chaboshilar “Mahalla yettiliklari”ga qo‘l-qanot bo‘layotgani qayd etildi.

Uchrashuv mobaynida mahalla tizimida ko‘chaboshilarining faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida respublika bo‘yicha o‘tkazilgan “Eng namunali ko‘chaboshi” tanlovining mahalla, tuman bosqichi g‘oliblari munosib taqdirlandi hamda ularga pul mukofotlari topshirildi.

Ta’kidlash joizki, 2021-yil 23-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi 99-sonli qarori ko‘chaboshchilar faoliyati samaradorligini oshirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

Qaror asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolar faoliyatining samaradorligini baholashning qator asosiy ko‘rsatkichlari belgilangan.

Xususan, tegishli hududda ko‘cha va ko‘p kvartirali uylardagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish, o‘zi yashayotgan ko‘cha va ko‘p kvartirali uylardagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlarga, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, notinch va muammoli oilalarga yordam ko‘rsatish, aholining issiqlik va elektr energiyasidan, tabiiy gazdan, issiq va sovuq suvdan tejamli foydalanishini targ‘ib qilish ko‘chaboshchilar faoliyatining samaradorligini belgilovchi asosiy mezonlar sirasiga kiradi.

Yig‘ilishda shular bilan bir qatorda tegishli hududda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalarida fuqarolar yig‘ini kengashiga takliflar berib, o‘ziga biriktirilgan hudud osoyishtaligi va obodligi uchun ko‘maklashgan, aholi tinchligi uchun xavf tug‘diruvchi holatlarni bartaraf etish maqsadida fuqarolar yig‘iniga yoki mutasaddi organlarga o‘z vaqtida xabar berganib kelgan va hududda huquqbuzarliklarning oldini olishga hissa qo‘shgan faol ko‘chaboshchilarga alohida minnatdorchilik bildirildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.