2024-yil 27-dekabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Kengash raisining o‘rinbosari Madamin Kazakov ochdi hamda olib bordi. Sessiya kotibligiga 4-Beruniy saylov okrugidan deputat Sayyora Jumamuratova saylandi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Amudaryo tumanida eng og‘ir mahallarni tanlab olish va ularda amalga oshiriladigan ishlar” yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov hisobot berdi.
Hisobotda Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda eng og‘ir ahvoldagi 7 ta – Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur, Qangli, Bo‘zyop, Kuyuk ko‘pir, Oq oltin ovul fuqarolar yig‘inlari hamda Uyshin mahalla fuqarolar yig‘inlari tanlab olingani qayd etildi. Ushbu mahallalarda tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash yoki ularga elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini ta’minlash, internet sifatini oshirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilmani yaxshilash maqsadlarini amalga oshirish uchun jami 20 mlrd 650 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgani xususida so‘z yuritildi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimligi bosh mutaxassisi Jaxongir Haydarov hisobot berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pillachilik soxasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Hisobotda tumandagi zaxira yer maydonlari hisobidan 12,2 gektar konturlarni ochiq elektron tanlovga qo‘yish taklifi kiritilib, bu bo‘yicha Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi – “Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda aniqlash hamda “Ayollar daftari”ni yuritish orqali bartaraf etish to‘g‘risida”gi masala yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova hisobot berdi.
Go‘zal Saburova o‘z hisobotida tumanda xotin-qizlarning hayot va turmush sharoitidagi muammolarini aniqlash, yakka tartibda ishlash orqali ularning hayot tarzini yaxshilash hamda ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, aniqlangan muammolarni kompleks va manzilli hal qilish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, 2025-yil uchun Amudaryo tumani mahalliy budjetining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi masala ham mhokama qilinib, ushbu masala yuzasidan tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Jumamurodov hamda tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimovlar hisobot berdi.
Hisobotlarda 2025-yil uchun Amudaryo tumani mahalliy budjetning xarajatlari 133 mlrd 942 mln 669 ming so‘m miqdorida prognoz qilinayotgani, ushbu xarajatlarni qoplash uchun esa mahalliy budjet daromadlari va yuqori budjetlardan ajratiladigan mablag‘lar yo‘naltirilishi qayd qilindi.
Sessiya so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuroturasining 2024-yil 25- noyabrdagi “Sektorlarga biriktirilgan hududlar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish” to‘g‘risidagi xatiga asosan tumandagi sektorlardagi ishlar samaradorligini yanada oshirish masalasi muhokama qilindi hamda Amudaryo tumanidagi shaharcha, ovul va mahallalar 4ta sektorga qayta taqsimlandi.
Sessiya majlisida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi, atroflicha muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 4-sessiyasini o‘z ishini yakunladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.