MЕHNAT MUHOJIRLIGIDAN QAYTGAN YOSHLAR UCHUN MЕHNAT YARMARKASI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Xalqimizda “Bekorchidan xudo bezor”, degan naql bor. Aslida o‘zini bilgan inson bo‘sh o‘tirgisi kelmaydi. Ayniqsa, zamon taraqqiyotiga mutanosib ravishda uy-joyini yangilash, oilasi iqtisodini yaxshilash, farzandlarini ilmli, kasb-hunarli qilish bilan bog‘liq orzu-havaslarini amalga oshirish maqsadida tinimsiz mehnat qilishga odatlangan insonlar uchun biror bir foydali mehnat bilan shug‘ullanish bayramday gap. Bunday insonlar mehnatning ham, halol mehnat evaziga bunyod etilgan mol-mulkning ham qadr-qimmatini juda yaxshi bilishadi. Shu bois, ular turli vaziyatlar taqozosiga ko‘ra, mehnat muhojirligidan qaytgach ham qandaydir ish bilan shug‘ullanishga harakat qilishadi. Davlatimiz ana shunday fuqarolarning ham bandligini ta’minlash choralarini ko‘rayotgani esa ayni muddao.

O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tuman bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan Mehnat yarmarkasi mehnat muhojirligidan qaytib kelgan amudaryolik yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ilhom Abutov, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchilari, hamkor tashkilotlar, tijorat banklari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yarmarkada mehnat muhojirligidan qaytib kelgan ishsiz fuqarolar, aliment to‘lovchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va oliy ta’lim muassasalarini bitiruvchi yoshlardan iborat jami 48 nafar fuqarolar qatnashdilar.

Yarmarkada tumandagi 49 ta korxona va tashkilotlar tomonidan 178ta bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.

Yarmarkani Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Rashid Salayev ochdi va olib bordi.

Yarmarka jarayonida ishtirokchilar uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari va ularga aholini ishga joylashtirish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, xohlovchi aholini xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish, shuningdek, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat va ma’lumotlar olishlari uchun barcha sharoitlar, jumladan, videoroliklar, bannerlar, broshyuralar, bukletlar tashkil qilindi.

Yarmarka jarayonida 19 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. Ulardan 7 nafari xotin-qizlar, 4 nafari yoshlar, 1 nafari oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi, 2 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs, 2 nafari mehnat muhojirligidan qaytib kelgan ishsiz fuqarolar, 3 nafari esa ishsiz fuqarolardir.

Yarmarka davomida bo‘lim xodimlari tomonidan 8 nafar fuqaroga bo‘sh ish o‘rinlari, ularga aholini ishga joylashtirish bo‘yicha, 9 nafar fuqaroga ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha, 6 nafar fuqaroga xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish bo‘yicha, shuningdek, 6 nafar fuqaroga mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash bo‘yicha huquqiy maslahatlar, kerakli ma’lumot va tavsiyalar berildi.

Chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga ZOOM platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchilar bilan suhbatlarda qatnashish imkoniyatlari mavjudligi to‘g‘risida ham ma’lumot va tushunchalar taqdim etildi.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uz