Yangi yil – qalblarga o‘zgacha quvonch va hayajon ulashuvchi, kattalarni ham bir zumga bolalikka qaytaradigan ajib mo‘jizaviy bayram! Ushbu bayram shukuhi kezib yurgan pallalarda xonadonlarimiz go‘zalikka burkanadi. Uyimiz to‘ridan joy olgan archaning shoxlariga turli bezaklarni ilib, kichkintoylarga qo‘shilib, biz ham suyunamiz. Ha, Yangi yil kayfiyati yurtdoshlarimizni ancha vaqtgacha tark etmaydi. Uyimizdagi mehr ila bezatilgan zarlar esa, to qish tugamaguncha olib tashlanmaydi. Albatta, bu odamlarning naqadar Yangi yilni sevishidan dalolat. Uning boshqa bayramlardan farqi ham shunda.
Shu bilan birga, Yangi yil yurtimizdagi barcha muassasa va tashkilotlarda, ta’lim maskanlarida ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Joylarda bayram munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarning biri ikkinchisini takrorlamaydi. Har bir bayram tadbirining o‘ziga xos tomoni bor. Masalan, yaqindagina Amudaryo tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Mo‘jizaviy yangi yil” mavzusi ostida tashkil qilingan bayram tadbirini boshlovchilar o‘zbek tilidan tashqari, rus va ingliz tillarida ham olib borishdi. Bu esa, bayram kechasining nafaqat o‘zgacha o‘tishini ta’minladi, balki bayramda qatnashayotgan boshqa o‘quvchilarning ham chet tillari bo‘yicha savodxonligining ortishiga hissa qo‘shdi.
Bayram sahnasi rang-barang dekoratsiyalar va qishki manzaralar tushirilgan rasmlar, yulduzchalar bilan bezatildi. Bu esa, yig‘ilganlarning ko‘ngillariga bayramona ruh olib kirdi.
Bayram tadbirini maktab direktori Dilrabo Sherboyeva ochib berdi hamda o‘qituvchilarni va o‘quvchilarni bayram bilan tabriklab, ularning o‘qish va ishlarida zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng bayram tadbirining badiiy qismiga navbat berildi. Sahnada turli yoshdagi o‘quvchilar jozibali raqslarga tushib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Keyin esa, bazmga Qorbobo va Qorqiz tashrif buyurib, bolajonlarga bayram sovg‘alarini taqdim etdilar. Ular bilan birgalikda qish faslining tarovati, go‘zalliklari haqida suhbatlashdilar. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sahnaga chiqib, o‘zlarining qish va yangi yil haqidagi she’r va qo‘shiqlarini aytib berishdi. Ayniqsa, 6-sinf o‘quvchilarining “Jingle Bells” qo‘shig‘iga raqsga tushishi davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Shuningdek, bolajonlarning sevimli ertaklaridan biri bo‘lgan “Oppog‘oy va yetti gnom” ertagi asosida sahnalashtirilgan bayram ertagi tomoshasi yig‘ilganlarni bir zumga ertaklar olamiga olib kirganday bo‘ldi. Shu tariqa bayram kechasi bir-biridan ajoyib bayram qo‘shiqlari ijrosi bilan davom etdi.
Ayniqsa, o‘quvchilar ijrosida yangragan “Buratino”, “Kalinka”, “Ten ten nad vodoy”, “Sneg idyot” kabi qo‘shiqlar va raqslar bayram qatnashchilarining olqishlariga sabab bo‘ldi. Tadbir o‘quvchilarda olam-olam taassurot qoldirdi.
Albatta, bu kabi tadbirlar o‘quvchilarda ijodiy qobiliyatlarini shakllantirgani, bir-birlari bilan o‘zaro hamjihatlikda ishlashish ko‘nikmalarini o‘stirishi, jamoa bo‘lib, o‘z iste’dodlarini rivojlantirishi, shuningdek, darsdan tashqari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazgani bilan ahamiyatlidir.
So‘zimiz avvalida Yangi yil kattalarni ham bir zumga bolalikka qaytaradi, deb aytgan edik. Ha, chindan ham shunday. Sababi, Yangi yilda har bir inson qachonlardir Qorbobodan sovg‘a kutgan. Derazadan mo‘ralab, Qorbobo kelishini intiqlik bilan sog‘ingan. Ulg‘aygach esa, ko‘pchilik Yangi yil arafasida yaqinlaridan bayram tabriklari, bayram sovg‘alari qabul qilishadi. Kimdir farzandidan, kimdir esa qo‘shnisidan, qarindoshidan.
So‘zimiz so‘ngida ana shu sovg‘alarga qo‘shaloq tarzda, kirib kelgan yangi 2025-yil insonlarga kutilmagan hadyalar va kutilmagan xushxabarlarni tortiq qilsin, deymiz.
Aziza Madrahimova.
manba: amunews.uz