“Mahalla yettiligi” faoliyatiga oid yig‘ilish o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘i bilan mahallalarda “yettilik” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ularga bir qator vazifalar yuklangan. Albatta, har bir ishda ishtiyoq, harakat, natija va sarhisob bo‘ladi. Joylarda “Mahalla yettiligi” ish boshlagan mana shu qisqa vaqt oralig‘ida ularning amalga oshirgan ishlari va sa’y-harakatlari, yutuqlari, natijalari talaygina.

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, soliq inspektorlari va ijtimoiy xodimlar ishtirokida 2024 -yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti va kelgusi yil rejalariga bag‘ishlangan Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ishtirok etdi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda hokim o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari muhokama etildi, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, tadbir mobaynida samarali faoliyat olib borayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari rag‘batlantirildi.

O‘tgan 2024-yilda birgina xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, tumanda shu kungacha 5-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 600 nafar xotin-qizlarning 5 ming 525 nafariga, ya’ni 98 foizdan ortiq qismiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, ishsiz 2 ming 258 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning barchasining bandligi ta’minlangan. 1 ming 564 nafar xotin-qizlar doimiy ishga joylashtirilgan, 36 nafar xotin-qizlar vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb etilib, 72 nafar ayol-qizlar kasb-hunarga o‘qitilgan. Shu bilan birga, mustaqil ravishda ishga joylashganlar va o‘zini-o‘zi band qilgan ayollar soni 586 nafarni tashkil etgan.

Ayol ishbilarmon va o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, mehnatsevar bo‘lsa bunday onaning farzandlari ham tirishqoq, intiluvchan avlod bo‘lib kamol topadi. Barcha a’zolari qandaydir foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullanadigan tadbirkor oilada esa farovonlik hukm suradi. Boisi, hamma foydali ish bilan band bo‘lgan xonadonda urush-janjallar kamroq bo‘ladi. Ha, tadbirkorlikning yana bir ahamiyatli jihati ham shunda.

Joriy yilda tumanda tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 652 nafar xotin-qizlardan 594 nafariga 3 mlrd 530 mln so‘m miqdorida kredit ajratilgan va ularning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashilgan.

Shuningdek, bir martalik moddiy yordamga muxtoj bo‘lgan, jami 2 ming 653 nafar xotin-qizlarga “Ayollar daftari” jamg‘armasi tomonidan 3 mlrd so‘mdan ortiq bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, uy-joyi ta’mirga muxtoj 4 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyida homiylik hisobidan ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 5 nafar xotin-qizlar esa uy-joy bilan ta’minlangan. Endilikda ular shinam uy-joylarda yashab, yurtimizda ayol-qizlarga bo‘lgan e’tibordan mamnun holda yashamoqdalar.

Shuningdek, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud 404 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning barchasiga “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 542 mln 640 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Oramizda dehqonchilik qilishga qiziqishi bo‘lgan, dehqonchilik orqasidan daromad topayotgan ayol-qizlar soni kundan-kunga ko‘paymoqda. Bu orqali ular ham bandligini ta’minlab, ham oilasiga qo‘shimcha daromad olib kiradilar. Shu maqsadda, tumanimizda tomorqadan unumli foydalanish uchun 19 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning barchasiga hududlardagi fermer xo‘jaliklari biriktirilib, fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan homiylik yordamlari sifatida pomidor, bodring va boshqa turli xildagi poliz ekinlari ko‘chatlari tarqatilgan. Mavsumda ushbu ekinlar hosilga kirib, oilalar dasturxonining to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shgan.

Yig‘ilish davomida “Mahalla yettiligi”ning barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ham shu kabi hisobotlar taqdim etildi. Yutuqlar e’tirof etilib, kamchiliklar tahlil qilindi. Kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab olinib, topshiriqlar ijrosi doimiy nazoratda ekanligi ta’kidlandi.

Aziza Madrahimova

manba. amunews.uz