O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy shartlaridan biri qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq mulkdorlari safini ko‘paytirish orqali oilalar daromadini oshirishdan iboratdir. Qishloq xo‘jaligi – xalqni boqadigan, to‘kinchilikni ta’minlaydigan, pirovardida esa mamlakat eksport salohiyatiga zalvorli ta’sirini ko‘rsatishga qodir tarmoqdir. Millionlab oilalarning tomorqa yerlaridan yiliga 2-3 marta hosil olish, hattoki qish faslida ham issiqxonalar tashkil qilib, yil davomida yerdan unumli foydalanish imkoniyati mavjud. Respublikamiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va dunyoda yuz berayotgan oziq-ovqat muammosining oldini olishda bu imkoniyat nihoyatda ahamiyatlidir.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda nafaqat qishloqlarda balki, shahar hududlarida ham dehqonchilik qilish ommalashdi. Bugun har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda mo‘may daromad olayotgan yurtdoshlarimiz safi kengayib bormoqda. Ular orasida o‘z tomorqasida issiqxona qurib, qahraton qishda ham har xil mahsulotlar yetishtirayotgan va oilasiga qo‘shimcha daromad olib kelayotgan tomorqachilardan tashqari issiqxona xo‘jaligi sohasida yirik biznes subyektlari tashkil qilib, hududlarning eksport salohiyati oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan ishbilarmonlar ham bor. Bunday yirik issiqxonalarda mavsumdan tashqari noqulay iqlim sharoitida ham ekinlarga sun’iy muhit, harorat, yorug‘lik va namlik me’yorida yaratilib, mo‘l hosil yetishtirilmoqda.
Shunday issiqxonalardan biri Amudaryo tumanining Tosh yop ovulida joylashgan “Mang‘it Invest Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonaga tegishli bo‘lib, bu yerda yil bo‘yi pomidor va boshqa ekinlar ekilib, mo‘l hosil olinmoqda.
Mazkur issiqxona 2018-yilda tadbirkor Jalg‘as Boymuratovning tashabbusi bilan tashkil qilingan. Jalg‘as Boymuratov Jahon tiklanish va taraqqiyot bankidan kredit mablag‘i olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. 1 gektar maydondagi issiqxonada pomidor yetishtirilib, aholini arzon va sifatli mahsulot bilan ta’minlab kelinmoqda. Zamonaviy issiqxona o‘nlab ovul yoshlarining bandligini ta’minlashda muhim vosita bo‘ldi. Hozirda ham bu yerda 12 nafar ishchilar faoliyat yuritmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan issiqxonada barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi. Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali ozuqa eritmalari o‘simlik ildiziga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beriladi. Tuproqdagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, tuproqni ekishga tayyorlash, yerni organik o‘g‘itlar bilan boyitish, unga ishlov berish, sug‘orish uchun egatlar ochish, mineral o‘g‘itlar sepish, begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlari issiqxonada ancha kam mehnat talab qiladi. Mineral o‘g‘itlarning samaradorligi yuqori bo‘lib, suv 60-70 foiz tejaladi. Eng asosiysi, bunday issiqxonalar hosildorligi oddiylariga nisbatan ancha yuqori.
Bugungi kunda issiqxonada asosan “Yulduzcha” navli xitoy pomidori yetishtiriladi va ichki bozorga, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tumanlar, qo‘shni viloyatlar bozorlariga yetkazib berilib, Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilinadi. Ekinlardan har yili 2 marta mavsumiy 80 tonnagacha va mavsumdan tashqari 40 tonnadan ortiq hosil olinadi. Albatta, bu mehnat va harakatchanlik samarasidir.
Bu kabi issiqxonalar ko‘payishi va shunday tashabbuskor ishbilarmonlar safining ortishi xalqimizni sifatli va arzon narxlardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil davomida uzluksiz ta’minlash va aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Iroda Erdosheva, QDUning jurnalistika fakulteti talabasi.
manba: amunews.uz