O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar ishlab chiqarish sohasini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Hududlarda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari tashkil etilishi, soliq imtiyozlari va zamonaviy infratuzilma tadbirkorlar uchun keng yo‘l ochib berdi. Mazkur zonalar hududlardagi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Amudaryo tumanida ham tadbirkorlarning to‘siqlarsiz faoliyat olib borishlari uchun bir qator qulay sharoitlar yaratilgan. Aynan shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tadbirkorlardan biri “Amu metal-kovka art” MCHJ rahbari Jasurbek Bobojonov faoliyatida iqtisodiy islohotlarning samarasini ko‘rishimiz mumkin.
Jasurbek Bobojonov bobosi Tajim Bobojonov boshlagan temirchilik an’analarini otasi Jumamurot Bobojonovdan puxta o‘rgandi va 2002-yilga kelib, sohada o‘zining mustaqil faoliyatini boshladi.
Dastlab temirdan oddiy mehnat qurollari – belkurak, ketmon, aravalar hamda buyurtma asosida har xil temirchilik buyumlarini tayyorlash bilan shug‘ullangan Jasurbek Bobojonov 2013-yilda “Jumamurod usta” nomidagi oilaviy korxona tashkil etdi. Korxona faoliyatining dastlabki yillarida tabiiy gazda ishlovchi an’anaviy qozonlar, temir eshik va darvozalar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratildi. Mang‘it shahridagi kichik sanoat zonasidan 2018-yilda yer ajratilishi bilan yangi ustaxona barpo etishga kirishdi. 2020-yilda ustaxona qurib bitkazilishi natijasida oilaviy korxonaning ishlab chiqarish faoliyati ancha kengaytirildi.
Vaqt o‘tishi bilan Jasurbek Bobojonov “aqlli” energotejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishga qiziqib, ushbu yo‘nalishda shaxsiy izlanishlarini boshladi. U O‘zbekistonning vodiy viloyatlaridagi ustalardan temirchilikning nozik sirlarini o‘rgandi. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib, temirchilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi ustalar bilan faol tajriba almashdi. Doimiy ravishda internet tarmoqlari orqali ilmiy-nazariy hamda amaliy materiallarni o‘rganib borish natijasida sohaga doir bilimlarini ancha boyitdi. Ayniqsa, YouTube platformasidagi rossiyalik muhandis va temirchi-ustalarning o‘quv kontentlari, internet manbalaridagi maxsus chizmalarni tahlil qilish hamda amaliyotda sinab ko‘rish uning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutdi. 2022-yilda esa oilaviy korxonasini “Amu metal-kovka art” MCHJ sifatida qayta tashkil etdi.
Sir emaski, markazdan olis joylarda qishning sovuq kunlarida isitish tizimlarining ahamiyati yanada ortadi. Ayniqsa, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda, ko‘mir bilan ishlovchi isitish qozonlari oilalar uchun qulaylik manbai hisoblanadi. Bunday isitish qozonlari ko‘plab qishloq hududlarida energiya ta’minotining asosiy vositasi sifatida ishlatiladi.
Bozor talabiga yarasha taklif, deganlaridek, “Amu metal-kovka art” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar orasida, ayniqsa, “Amu teplo” brendi ostidagi mahalliylashtirilgan isitish qozonlari alohida o‘rin tutadi. 2023 yilda keng ko‘lamli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan ushbu qozonlar innovatsion va energotejamkorlik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular tabiiy gaz va qattiq yoqilg‘ida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, xonadonlar va issiqxonalarni samarali isitishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ushbu qozonlarning afzalliklari iste’molchilarni o‘ziga jalb etmoqda. Masalan, tabiiy gazda yonuvchi an’anaviy isitish qozonlari qishning sovuq kunlarida, taxminan, 100 ming so‘m atrofida yoqilg‘i sarflasa, ko‘mirda ishlaydigan “Amu teplo” isitish qozonlari xarajatni 10-15 ming so‘mgacha kamaytiradi. Bundan tashqari, ushbu isitish qozonlari 30-50 kg ko‘mir bilan kun davomida butun xonadonni issiqlik bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu innovatsiyalar oilaviy budjetni tejash va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jasurbek Bobojonov “Amu metal-kovka art” MCHJ ishlab chiqarish sexi faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanmoqda. 2024-yilning aprel oyida Xitoydan olib kelingan lazerli jihozlar temir qismlarni aniq va sifatli kesishga imkoniyat yaratdi. Ishlab chiqarish jarayonida metall kesish, yig‘ish, payvandlash, bo‘yoqlash va elektromontaj ishlari puxta amalga oshiriladi.
Isitish qozonlarining asosiy elementlari, jumladan, eshiklari chang, suv va havo o‘tishidan to‘liq himoyalangan va tashqariga tutun chiqarmaydi. Bu esa qozonlarning xavfsizligi va uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, “Amu teplo” mahalliy brendidagi zamonaviy texnologiyalar, narx, sifat va tejamkorlikning o‘ziga xos uyg‘unligi!
“Amu metal-kovka art” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan isitish qozonlari hozirda Amudaryo tumanidan tashqari Nukus, Qo‘ng‘irot, Beruniy, Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Gurlan kabi tumanlar aholisiga ham samarali xizmat qilmoqda.
Jamiyat nafaqat isitish qozonlari, balki mustahkam va sifatli temir darvoza hamda eshiklar ham ishlab chiqarib, xalqimiz ishonchini qozongan. Temir darvoza va eshiklar suv, chang va harorat o‘zgarishlariga chidamli bo‘lib, yuqori mustahkamligi bilan ajralib turadi. Yopilish va ochilish mexanizmlari silliq va ishonchli ishlaydi, bu esa foydalanishda qulaylikni ta’minlaydi.
Shuningdek, har bir buyurtma uchun alohida dizayn va moslashuvchanlik taklif qilinadi, bu esa mijoz ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish imkonini beradi. Mahalliy bozorda ushbu mahsulotlar zamonaviy va qulay narxlarda taqdim etilib, iste’molchilar ehtiyojini to‘liq qondirishga qaratilgan. Temir darvoza va eshiklar korxonaning boshqa mahsulotlari kabi yuqori sifat me’yorlariga javob beradi va uzoq muddat davomida samarali xizmat qiladi.
Bugungi kunda “Amu metal-kovka art” korxonasida 8 nafar doimiy ishchi faoliyat yuritmoqda. Korxonada shuningdek, kasb o‘rganish istagidagi yollanma ishchilar ham ishlaydi. Jasurbek Bobojonovning shogirdlari orasidan ko‘plab ustalar yetishib chiqdi, bu esa hududdagi kasb-hunar rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
Jasurbek Bobojonov rahbarligidagi “Amu metal-kovka art” MCHJ tomonidan mahalliylashtirilgan va energotejamkor mahsulotlar nafaqat iste’molchilarga iqtisodiy manfaat keltirmoqda, balki hudud iqtisodiyotining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Shubhasiz, bu kabi faoliyat mamlakatda kichik biznesni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shohzod Qurbonboyev.
manba:amunews.uz