Amudaryoliklar tomorqalaridan samarali foydalanib, yuqori daromad olishmoqda

Туман янгиликлари

Amudaryoliklar azaldan mehnatsevar xalq, yerga mehri baland. Bugun qishning izg‘irinli kunlarida ham yurtdoshlarimiz tomorqalaridan unumli foydalanib, ixcham issiqxonalar tashkil qilishgan, issiqxonalarda turli ko‘katlar hamda sabzavot mahsulotlarini yetishtirib, ichki bozorlarimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelishmoqda.

Xususan, Qilichboy ovuli hududida yashovchi Qo‘chqorboy Nurimov 25 sotix tomorqasining 5 sotixiga ixcham issiqxona tashkil etib, yiliga 2-3 marotaba hosil olib kelmoqda. Tomorqaning 10 sotix maydonida yaratilgan intensiv bog‘dagi turli mevali daraxtlardan ham yaxshi hosil olinmoqda. Qo‘chqorboy aka ayni paytda issiqxonasida ko‘k piyoz va ko‘katlar yetishtirmoqda, bahor faslining boshlarida esa, bodring va pomidor ekishni rejalashtirmoqda.

Oilaviy mehnat natijasida tomorqadan yuqori daromad olinib, oilaning iqtisodi tobora yaxshilanmoqda. Qo‘chqorboy akaning mehnatlari tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan rag‘batlantirilib, doimiy qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda. Hamyurtimizning fidokorana mehnatlari e’tirof etilib, “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, bugungi kunda butun mamlakatimiz bo‘ylab hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratib, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda chekka hududlardagi aholining tomorqalaridan samarali foydalanishiga, ixcham issiqxonalar tashkil etilishi orqali aholi daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakat aholisiga sifatli va kafolatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mazkur sohada band bo‘lgan aholi daromadlarini oshirishni qo‘shimcha rag‘batlantirish kabi ustuvor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Amudaryo tumanining Xolimbeg ovulida yashovchi Erkin Qo‘shayev ham mehnatsevarlikni o‘zining hayotiy shiori qilib olgan insonlardan biri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Erkin aka xonadoniga tashrif buyurgan har bir mehmonning juda katta havas va unutilmas taassurotlar bilan qaytishi, shubhasiz.

Biz ham ijodiy jamoamiz bilan “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibining tomorqasi bilan tanishar ekanmiz, juda katta mehnat va o‘z ustida ishlash orqali erishilgan natijalarni ko‘rib hayratda qoldik. Xonadonning o‘zgacha fayzi uning egalarining ochiqko‘ngilligidan, samimiyligidan ekaniga ishonch hosil qildik. Uy oldidagi 10 yillik tarixga ega haybatli archa daraxtlari hovliga ko‘rk bag‘ishlab turibdi.

Erkin aka tomorqasida limon, qulupnay, arab xurmosi kabi mevalar yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 30 sotix ekin maydonining 2 sotixida ixcham issiqxona tashkil etgan va unda yetishtirilayotgan limondan bu yil ikkinchi marotaba hosil olmoqda. Tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan limon ko‘chatlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yish borasida tegishli tavsiyalar hamda amaliy yordamlar berilib kelinmoqda.

Shuningdek, tomorqada erta bahordan sabzavot va poliz ekinlarini ekishga yerlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Tomorqachi o‘zi yetishtirgan kartoshka, piyoz, karam, qovun, tarvuz kabi mahsulotlarni nafaqat tumanimiz ichki bozorlariga, balki qo‘shni tumanlar bozorlariga ham yetkazib, ularni ham sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Yerdan olinadigan daromad ham yil sayin ortib bormoqda. Tomorqada yetishtirilgan hosildan yiliga 100 mln so‘mga yaqin daromad olinishi tinimsiz va samarali mehnat natijasidir.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.