O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan fermerlarni, soha mutaxassislarini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilgan edi. Hujjat asosida “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari ta’sis etilib, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan soha xodimlarining mehnati munosib e’tirof etib kelinmoqda.
13-yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida samarali faoliyat olib borayotgan bir guruh fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqachilar taqdirlandi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda agrar soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida so‘z yuritdi. Tuman hokimi o‘z nutqida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida yaratilayotgan mislsiz imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar xususida to‘xtaldi hamda ulardan unumli foydalanib, yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga erishish yo‘lida fermerlar, dehqonlar va tomorqachilarga omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishiga talakdosh bo‘ldi.
Tadbirda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, uning iqtisodiy qudratini va eksport salohiyatini yuksaltirish, xalqimizning rizq-ro‘zi va farovonligini, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, qishloq xo‘jaligining paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavot-polizchilik, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik va boshqa yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan tumanimizdagi bir guruh fermerlar mehnati e’tirof etildi.
Zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanayotgan hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishayotgan, ularni qayta ishlash, saqlash, tayyorlash va eksport qilish ishlarida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritayotgan, ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ygan, moddiy-texnik bazasi mustahkam, tajribali 17 nafar ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlariga “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishayotgan, zarur agrotexnik tadbirlarga rioya etgan holda ajratilgan yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanib, aholiga arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazib berish, ularni belgilangan sifat standartlari talablari asosida saqlash va eksport qilish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh dehqonlarning ham fidoyi mehnatlari e’tirof etildi.
Ilg‘or mahalliy va xorijiy tajribalarni puxta o‘zlashtirib, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etayotgan, ekin maydonlari unumdorligini oshirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirayotgan 5 nafar mirishkor dehqon xo‘jaliklari rahbarlariga va a’zolariga “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishoni topshirildi.
Bundan tashqari, shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishayotgan, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda ekologik va organik toza, arzon va sifatli mahsulotlarni yetishtirish hamda ichki bozorni ular bilan barqaror ta’minlash, yangi serhosil navlarni ko‘paytirish ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan, dehqonchilik madaniyati va sir-asrorlarini puxta egallagan, shuningdek, jamoat ishlaridagi faolligi bilan aholi o‘rtasida alohida hurmatga sazovor bo‘lgan 16 nafar tomorqa yer egalari “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Biz ham mehnatlari e’tirof etilgan ilg‘or fermerlar, mehnatkash dehqonlar va namunali tomorqachilarni ushbu yutuqlari bilan tabriklab, tumanimizdagi barcha qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilarining navbatdagi qishloq xo‘jaligi yilini ham mo‘l hosil, yuksak xirmon va yuqori daromad bilan yakunlashlariga tilakdoshmiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.