Vatan himoyachilari kuni munosib nishonlandi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda 14-yanvar sanasi O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan soha vakillari – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan butun yurtimiz bo‘ylab katta bayram shodiyonalari bo‘lib o‘tmoqda.

Amudaryo tumanida ham Vatan himoyachilari kuni keng tarzda munosib nishonlandi. Tuman Madaniyat bo‘limida tashkil etilgan bayram tadbiriga harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, nafaqadagi faxriy harbiylar taklif qilindi.

Bayram tadbiri O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari sadolari bilan boshlandi.

Tadbirni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatan himoyasi eng sharafli kasblardan biri ekanligini, o‘z ona Vatanini, yurt mustaqilligini qo‘riqlash – yuksak sharaf ekanligini, Vatanni qo‘riqlash bu o‘z uyini, oilasini himoya qilishni anglatishini hamda ushbu bayram barcha O‘zbekistonliklarning umummilliy bayrami ekanligini ta’kidladilar.

Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan ajoyib chiqishlar, betakror kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi. Xonandalar Vatanni, istiqlolni, tinchlik va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etib, barcha tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladilar.

Tadbir mobaynida Vatanimiz sarhadlarining daxlsizligini saqlashda, yurt himoyasida, tinch va osoyishta hayot kechirishimizda, yoshlarga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan, ushbu sharafli ishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh soha vakillari tuman hokimligi tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, ushbu bayram nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida o‘z burchini o‘tab qaytgan vatandoshlarimiz va kelgusida harbiy xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayramidir. Yurtimizda ushbu sana munosabati bilan har yili tantanali tadbirlar o‘tkazilib, Vatan himoyachilariga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi.

Xalqimiz hamisha o‘zining mard, jasur o‘g‘lonlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-onasi va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblaydilar. Mazkur bayramning keng nishonlanishi xalqimizning o‘z Milliy Armiyasiga nisbatan cheksiz hurmati, alp yigitlariga bo‘lgan ishonchining amaliy ifodasidir.

Xalqimiz mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini ko‘radi.

Barcha Vatan himoyachilarini bayram bilan tabriklaymiz!

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.