Amudaryo tumanining Choyko‘l ovulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda respublika ishchi guruhi rahbari Zafar Qosimov, ishchi guruh a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi birinchi o‘rinbosari Paraxat Orinbayev, Agroinspeksiya hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, klasterlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari va mahallalar raislari ishtirok etdi.
Seminarda Prezidentimizning yuqoridagi qarorining mazmun-mohiyati, uni amaliyotga tatbiq etish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hujjatda dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Xususan, ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul berilishi, dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, qaror asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi. Suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Seminar mobaynida 2025-yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, o‘simlik zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashish, dala chetlaridan samarali foydalanish hamda eksportbop ekin turlarini ekish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.