Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasiga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar va imtiyozlar berilishi ularga keng ko‘lamli imkoniyatlar taqdim etmoqda. Xususan, mehmonxona tadbirkorligining rivojlanishi hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va turizmni yanada taraqqiy ettirishda muhim o‘rin tutadi.
Amudaryo tumani o‘zining geografik joylashuvi va tarixiy inshootlari bilan turizm sohasida katta imkoniyatlarga ega. Tumanda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasining rivojlanishi nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlayapti, balki aholi farovonligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Beshtom mahallasi hududida qad rostlagan zamonaviy “Qipchoq hotel” nomli mehmonxona ham shu maqsadlarga xizmat qiladi.
19-yanvar kuni ushbu yangi mehmonxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xizmat ko‘rsatish shoxobchasi "Soliy kinochi" MCHJ rahbari, tadbirkor Davronbek Eshmurodov tashabbusi bilan amalga oshirilgan bo‘lib, Amudaryo tumanining turizm va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali boshlig‘i, soha mas’ullari, tadbirkorlar va aholi vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi, zamonaviy mehmonxonaning faoliyat boshlashi tumanimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, turizm sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmining ortishiga zamin yaratishini alohida ta’kidladi. Bu kabi loyihalar nafaqat tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirishi, balki aholining turmush darajasini yuksaltirib, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud infratuzilmasini yanada yaxshilashi e’tirof etildi. Mehmonxona, shuningdek, yangi turistik yo‘nalishlarni ochish va hududni xalqaro miqyosda tanitishda muhim o‘rin tutishi qayd qilindi.
Tadbir ishtirokchilari tadbirkor Davronbek Eshmurodov mehnatini e’tirof etib, uning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlarga tilakdoshlik bildirdi. Bu loyiha faqatgina turistik sektorda emas, balki turli sohalarda yangi istiqbollarni ta’minlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Mehmonxona qurilishi 2024-yil davomida zamonaviy arxitektura talablari asosida amalga oshirildi. Loyiha tadbirkor Davronbek Eshmurodovning o‘z mablag‘lari va “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan 2 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari yordamida qurib bitkazildi.
Xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bir vaqtning o‘zida 62 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Mehmonxona barcha zamonaviy qulayliklar bilan ta’minlangan. Binoning birinchi qavatida umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etilgan bo‘lib, u nafaqat mehmonxona mijozlariga, balki mahalliy aholi va sayyohlarga ham xizmat ko‘rsatadi.
Mehmonxona asosan mahalliy va xorijiy mehmonlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Uning joylashuvi hududning tabiiy go‘zalligi va tarixiy obidalarga yaqinligi bilan ajralib turadi.
Tadbirkor Davronbek Eshmurodovning rejalariga ko‘ra, kelgusida mehmonxonada zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro talablarga mos ravishda yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari tadbirkor mehmoxona faoliyati orqali mahalladagi 10 nafar ishsiz yoshlarning doimiy bandligini ta’minlagan. Tadbirkor xizmat ko‘rsatish sohasidagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan xalqimiz hurmatini qozongan ishbilarmonlardan sanaladi. Uning “Qipchoq choyxona” nomli umumiy ovqatlanish shoxobchasida ham xalqimizga namunali xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Shohzod Qurbonboyev.
manba: amunews.uz