Ayollar muammolarini hal qilishdagi asosiy vazifalar yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida mahallalarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va “Ayollar daftari”ning 6-bosqichini sifatli tashkil etish bo‘yicha “Mahalla yettiligi” oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Maryam Ahmedova, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasidan biriktirilgan vakil Bahodir Sultanov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda “Mahalla yettiligi” a’zolari ishtirok etdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati hamda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 833-sonli qarori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2024-yil 23-dekabrdagi maxsus bayonnomasida belgilangan vazifalar ijrosi, shuningdek, mahallalardagi xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va 6-bosqich “Ayollar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, gender tengligi masalalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganligi xususida so‘z yuritdilar.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan bu boradagi ishlarga alohida e’tibor qaratilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar qator hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari bu boradagi amaliy ishlarda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

Seminar ishtirokchilari “Ayollar daftari”ning 6-bosqichini samarali amalga oshirishda “Mahalla yettiligi”ning roli va vazifalari, xotin-qizlarning muammolarini aniqlash va ularni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligi yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Ushbu seminar “Mahalla yettiligi” a’zolarining xotin-qizlar bilan ishlash brasidagi o‘rni va vazifalarini tushunishga, ularning muammolarini hal qilishda faol ishtirok etishiga turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.