“Лойиҳалар ярмаркаси” тадбири ўтказилди

Туман янгиликлари

2024-yil 16-dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va tijorat banklarining rolini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida “Loyihalar yarmarkasi” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarlari, tashkilotlar rahbarlari, tijorat banklari mas’ullari, mahalladagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni xohlovchi fuqarolar ishtirok etdi.

Yarmarkani tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov ochib berdi. Hokimning birinchi o‘rinbosari o‘z nutqida bugungi kunda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlari xususida so‘z yuritib, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda tadbirkorlar uchun barcha imkoniyatlar eshiklari ochilgan. Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yilning 16-dekabr sanasida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham tadbirkorlar uchun qator yangi imkoniyatlar va imtiyozlar berilishi e’lon qilingan edi.

Xususan, o‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘lgan tadbirkorlarga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi. Bu orqali kelgusi yillarda ko‘p sonli aholi bandligini ta’minlash ko‘zlanmoqda.

Shuningdek, 30ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish maqsadlariga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Endilikda ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi.

Shu bilan birga sharoiti og‘ir bo‘lgan 71ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kreditlar ajratilib, joriy yilda mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Endilikda “Loyihalar yarmarkasi” har bir tuman va shaharlarda oyda ikki marta tashkil qilinadi. Tuman va shahar hokimliklari tashabbusi bilan loyihalar yarmarkasi o‘tkaziladigan joy tanlab olinib, yarmarka o‘tkaziladigan sanadan uch ish kun oldin mahalla idorasi va ijtimoiy tarmoqlardagi mahallaga tegishli guruhlarda e’lonlar joylashtiriladi. Hokim yordamchilari va mahalla bankirlari mahallalardan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan, kreditga layoqatli mijozlarni loyihalar yarmarkasiga olib boradi.

Yarmarkada tumandagi ovul va mahallalarga biriktirilgan banklar dasturlar doirasida va o‘z mablag‘lari hisobidan mavjud kredit mahsulotlari bo‘yicha ko‘rgazmali materiallar tayyorlab, faol ishtirok etadi. Biriktirilgan banklar tashrif buyurgan jismoniy va yuridik shaxslarning biznes rejalarini ko‘rib chiqib, ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kredit mablag‘larini ajratib borishni o‘z zimmalariga oladi.

Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida o‘tkazilgan dastlabki yarmarkada mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari vakillari, hokim yordamchilari va tadbirkorlar ishtirok etdi. “Loyihalar yarmarkasi” tadbiri doirasida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes rejalar taqdimot qilindi. Yarmarka doirasida qator tashabbuskorlarning loyihalari tijorat banklari tomonidan ma’qullandi va kredit ajratgan holda moliyalashtirish uchun tanlab olindi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.